Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektron kooperatsiya portali – uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishning muhim vositasi
17:49 / 2022-07-07

Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Raqamli transformatsiya markazi tomonidan “Elektron kooperatsiya portali – uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishning muhim vositasi” mavzuidagi ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda tashkilotchilar ishtirokchilarni markaz faoliyati, mavjud kamchiliklar va ularni bartaraf etish rejalari hamda Elektron kooperatsiya portali faoliyatidagi yangiliklar va uni takomillashtirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar bilan atroflicha tanishtirdi.  

Tadbirni investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov kirish so‘zi bilan ochib berdi. U o‘z nutqida ishtirokchilarni mamlakatimizda iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirdi, shuningdek, ushbu o‘zgarishlarda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Raqamli transformatsiya markazining o‘rni haqida so‘z yuritdi. 

Raqamli transformatsiya markazi davlatimiz rahbarining 2019 yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq tashkil etilgan. Mazkur qarorni ijro etish doirasida mamlakatimiz mahsulot ishlab chiqaruvchilari va davlat buyurtmachilari – byudjet tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan ortiq bo‘lgan korxonalar o‘rtasida bitimlar tuzilishini ta’minlovchi Elektron kooperatsiya portali tashkil etildi. 

Muloqot ishtirokchilari ta’kidlaganidek, hozirgi vaqtda raqamli texnologiyalarsiz, shuningdek, ishlab chiqarishda ham, tovarlar va xizmatlarni sotishda ham raqamli munosabatlarga o‘tmasdan turib, rivojlanishni davom ettirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston bozorida Elektron kooperatsiya portali kabi tovar va xizmatlarni targ‘ib qilish vositalarining mavjudligi iqtisodiy o‘sish va tashqi bozorga chiqishning xavf-xatarsiz yo‘llarini barqarorlashtirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. 

Shuningdek, tadbir ishtirokchilari Elektron kooperatsiya portali vositachiligida uzoq muddatli hamkorlik aloqalarini kengaytirish lozimligini ta’kidladi hamda portal faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha o‘z fikr va takliflarini bildirdi. 

Muloqot davomida Markaz xodimlari mazkur davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar haqida ishtirokchilarga qisqacha axborot berdi. 

Xususan, hozirgi vaqtga kelib portalda 93 mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan, deyarli 87 ming yetkazib beruvchi va 21 mingdan ortiq buyurtmachi ro‘yxatdan o‘tgan, 15 mingga yaqin ishtirokchi bir vaqtning o‘zida ham yetkazib beruvchi, ham buyurtmachi vazifalarini bajaradi.  

Portal tashkil etilganidan buyon tovar aylanmasi 22,7 trillion so‘mdan oshdi. 2021 yilda tovar aylanmasi 11,5 trillion so‘mdan oshdi. 2022 yilning yanvar-iyun oylarida tovar aylanmasi 2021 yilning shu davriga nisbatan 26,1 foizga o‘sdi va 5,4 trillion so‘mni tashkil etdi. 

Gulnoza Boboyeva, O‘zA