bugungi kunda mahalliy ishlab chiqarish mamlakatimizning tayanchi hisoblanadi. Sababi, sanoat barqarorligi iqtisodiy o‘sishga bevosita ta’sir qilibgina qolmay, innovatsiyalarni rag‘batlantirishda, mehnat bozorini rivojlanishi va zamonaviy jamiyat qurilishida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Mamlakatimizda kichik biznes sektorining kengayishi mahalliy sanoat bozoridagi raqobatbardosh muhitni oshirish bilan birga korxona va tashkilotlar bandligini ta’minlash uchun yanada chuqurroq va barqaror yondashuvni talab qiladi. Bunda bir qator omillar muhim rol o‘ynaydi. Xususan, har qanday tadbirkorlik faoliyatining muvaffaqiyat ustunlaridan biri bu ta’minot zanjiridagi ishonchli hamkorlar tarmog‘ini shakllantirishdir.
Ta’minot zanjirini samarali boshqarish korxonalar farovonligi garovi bo‘lib, buyurtmachi va yetkazib beruvchilarning munosabatlari nafaqat tashkilotning qisqa muddatli maqsadlariga, balki ularning muttasil rivojlanishiga ham katta xavf yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, ishonchli xaridorlarni va yetkazib beruvchilarni topish, shartnomalar tuzish va sotib olish odatda juda uzoq va murakkab jarayon deb hisoblanib kelingan.
Yuqorida qayd etilgan muammoning yechimini topish hamda mahalliy ishlab chiqarish ko‘lami va mahsulotlar katalogi turlarini kengaytirish maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzurida erkin savdo maydoni sifatida Elektron kooperatsiya portali tashkil etildi.
Mazkur portalning maqsad va vazifasi, u orqali amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya portali bo‘lim boshlig‘i Islombek Ibragimov kuyidagilarni so‘zlab berdi.
Portalning maqsadi barcha manfaatdor tomonlarga mamlakatning ichki sanoat salohiyatiga yagona kirish imkoniyatini taqdim qilishdan iborat. Buyurtmachilar mahalliy sanoat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan tayyor mahsulotlardan tortib, turli xil xom ashyo, materiallar va butlovchi buyumlargacha bo‘lgan mahsulotlarni harid qilish imkoniga ega. Portal ishtirokchilari mahsulotlarga ishonchli xaridorlarni topishlari bilan birga, shartnomalarni imzolashda ham ko‘mak olishadi. Bu esa o‘z o‘rnida sotish va sotib olish jarayolarini soddalashtiradi va ishtirokchilar vaqtini tejaydi.
Xususan, Elektron kooperatsiya portalida o‘tgan yilda mahalliy korxonalar tomonidan mahsulotlar realizatsiyasi bo‘yicha qiymati 11 trillion 488,5 milliard so‘mlik jami 42 ming 649 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari tuzildi.
Bunda, mahsulot sotib olish bo‘yicha yirik tarmoq korxonalarining ulushi 61,3 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, mahsulot sotish bo‘yicha hududlardagi korxonalarning ulushi 51 foizni tashkil etmoqda.
Tarmoq korxonalari tomonidan shu davr mobaynida mahsulot sotib olish bo‘yicha qiymati 7 trillion 42,9 milliard so‘mlik 23 ming 45 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan bo‘lib, shundan, qiymati 4 trillion 813,6 milliard so‘mlik 19 ming 224 ta shartnoma ijro etilgan.
Hududiy korxonalar tomonidan shu davr mobaynida mahsulot sotish bo‘yicha qiymati 5 trillion 863,5 milliard so‘mlik 29 ming 48 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Shundan, qiymati 3 trillion 740,9 milliard so‘mlik 24 ming 486 ta shartnomalar ijrosi ta’minlangan.
Bunda ilg‘orlik qilayotgan hududlar Toshkent shahri qiymati 2 trillion 649,3 milliard so‘mlik 13 ming 445 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalarni tuzgan, shundan 1 trillion 969,2 milliard so‘mlik (74,3 foiz) 11 ming 828 ta shartnoma ijrosi ta’minlangan. Toshkent viloyati qiymati 679,9 milliard so‘mlik 6 ming 50 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalarni tuzgan. Shuning 494,8 milliard so‘mlik (72,8 foiz) 5 ming 188 ta shartnoma ijrosi ta’minlangan. Navoiy viloyati qiymati 1 trillion 23,2 milliard so‘mlik 1 ming 845 ta o‘zaro hamkorlik shartnomalarni tuzgan. 1 ming 556 ta shartnoma ijrosi ta’minlangan.
O‘tgan yil davomida o‘tkazilgan respublika va hududiy tarmoqlararo yarmarkalar doirasida jami 6 trillion 144,46 milliard so‘mlik sanoat kooperatsiyasi shartnomalari tuzilgan bo‘lib, ularning 1 trillion 641,92 milliard so‘mlik shatrnomalar “Navoiy KMK” DKning xaridlariga to‘g‘ri keladi.
“O‘zavtosanoat” AJ qiymati 517 milliard so‘mlik, “O‘zbekneftegaz” AJ qiymati 494,7 milliard so‘mlik va “Omaliq KMK” AJ qiymati 405,2 milliard so‘mlik yarmarkalar doirasida o‘zaro hamkorlik shartnomalarni tuzgan bo‘lib, tarmoq korxonalarning 39 foiz ulushini tashkil qiladi.
Mahsulotlarni yetkazib berish bo‘yicha Andijon viloyatida joylashgan hududiy korxonlar yetakchilik qilib jami 1 trillion 297,41 milliard so‘mlik sanoat kooperatsiya shartnomalari imzolagan bo‘lsa, Toshkent shahrida joylashgan hududiy yetkazib beruvchilar qiymati 998,33 milliard so‘mlik shartnomalar imzoladi.
Hududiy va respublika tarmoqlararo yarmarkasi doirasida jami 1 ming 457 ta memorandumlar imzolangan bo‘lib, ularning aksariyati “O‘zbekneftegaz” AJ, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va “O‘zkimyosanoati” AJ tarmoq korxonalariga to‘g‘ri keladi. Bunda Toshkent shahri, Toshkent viloyati hamda Buxoro viloyatida joylashgan yetkazib beruvchi korxonalar tomonidan 487 ta memorandumlar imzolandi.
Ushbu muvaffaqiyat darajasi foydalanuvchilar ishonchidan dalolat beradi va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, mahalliy ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish, kichik biznesni sanoat loyihalariga jalb qilish va O‘zbekiston iqtisodiyotini har tomonlama rivojlantirish yo‘lida Portalning katta salohiyatini ko‘rsatadi. Natijada, hozirgi kunda mahalliy ishlab chiqarishning keng imkoniyatlarini va xalqaro miqyosdagi raqobatchilari bilan bemalol raqobatlasha olishini kuzatish mumkin.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA