Mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, soha va tarmoqlarga raqamlashtirish jarayonlari izchil tatbiq etilmoqda. Bugungi axborot texnologiyalari asrida elektron xizmatlardan foydalanish ko‘lamini kengaytirish ham aholi uchun, ham sohalar uchun keng qulayliklar yaratadi.
Birgina tibbiyot muassasalarida amalda foydalanilayotgan barcha axborot tizimlarini yagona ekotizimga birlashtirish maqsadida birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari hamda davolash-profilaktika muassasalari faoliyatini avtomatlashtirishga qaratilgan “DMED” axborot tizimi ham ishlab chiqilgan. Bugungi kunda ushbu tizim respublikadagi 470 ta tibbiyot muassasasida ishga tushirilgan va ma’lumotlar bazasida 32 million bemorning birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi ma’lumotlari elektron shakllantirilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida ushbu yo‘nalishdagi ishlar, shuningdek, raqamli texnologiyalar vaziri Sh.Shermatovning “BMTning “Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi”da O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida” parlament so‘roviga bergan javobi muhokama qilindi.
Yig‘ilishda qayd etilganidek, BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi jahon mamlakatlarida axborot jamiyati qanchalik taraqqiy etayotganini belgilab beruvchi asosiy ko‘rsatkichlardan biri sanaladi. Mazkur indeks aholi va davlat o‘rtasida elektron muloqotni kengaytirish, xizmatlarni qulaylashtirish, mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Vazir javobida keltirilishicha, 2024 yilda e’lon qilingan reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 193 ta davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. O‘tgan hisobot davriga nisbatan 6 pog‘onaga, oxirgi 2 ta reyting natijalariga ko‘ra esa umumiy 24 pog‘onaga ko‘tarilgan. Shuningdek, O‘zbekiston ilk marotaba Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining baland guruhi (High EGDI)dan Elektron hukumatni rivojlantirish indeksining juda baland guruhiga (Very High EGDI) qo‘shilgan.
Qo‘mita a’zolari parlament so‘roviga berilgan javobni atroflicha ko‘rib chiqib, uni Qonunchilik palatasi majlisi muhokamasiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
M.Komilova, O‘zA