O‘zbekistonda elektron hisobvaraq-fakturalar (EHF) orqali amalga oshirilayotgan operatsiyalar ustidan soliq nazoratining yangi mexanizmi joriy qilinmoqda.
Xususan, Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 26 dekabrda qabul qilingan 830-son qarori bilan “Elektron hisobvaraq-fakturalarning xavf darajasini aniqlash va ularda aks ettirilgan operatsiyalar bo‘yicha qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom elektron hisobvaraq-fakturalarni tovarlar (xizmatlar)ni yagona yetkazib berish zanjiri doirasida tahlil qilish, ularning xavf darajasini baholash va tegishli toifalarga ajratish tartibini belgilaydi.
Shuningdek, EHFlarning xavf darajasiga qarab qo‘shilgan qiymat solig‘ini (QQS) to‘lash hamda hisobga olishning o‘ziga xos xususiyatlari aniq belgilab berildi.
Nizomga muvofiq, elektron hisobvaraq-fakturalarni baholash maxsus axborot tizimi orqali avtomatik tarzda amalga oshiriladi. Ushbu tizim orqali yuqori xavf darajasiga ega deb topilgan EHFlarning ulushi hisobot davrida QQS to‘lovchi tomonidan rasmiylashtirilgan jami EHFlar sonining 10 foizidan oshmasligi lozim.
EHFlarning xavf darajasini aniqlash mezonlari O‘zbekiston Respublikasi Soliq qo‘mitasi tomonidan belgilanadi. Ushbu mezonlar asosida elektron hisobvaraq-fakturalar quyidagi ikki toifaga ajratiladi - Xavf darajasi past bo‘lgan EHFlar, xavf darajasi yuqori bo‘lgan EHFlar.
Axborot tizimida har bir mezon bo‘yicha belgilangan ballar yig‘indisi asosida EHFlarning umumiy xavf darajasi hisoblab chiqiladi va shunga ko‘ra tasniflanadi. Soliq qo‘mitasi esa xavf darajasini hisobga olgan holda elektron hisobvaraq-fakturalarning markazlashtirilgan elektron reyestrini yuritadi.
Mazkur tartib soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish, QQS bo‘yicha xavfli operatsiyalarni barvaqt aniqlash va soha shaffofligini ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, biznes sub’ektlari uchun ham aniq va tizimli qoidalarni belgilab beradi.
Sh.Mamaturopova, O‘zA