O‘zbekistonda 1 yanvardan boshlab elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha xavflarni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi xabar berdi.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonda 2026 yilning 1 yanvaridan boshlab elektron hisobvaraq-fakturalar bo‘yicha xavflarni baholashning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi.

Ushbu tizim real vaqt rejimida EHF rasmiylashtirishda qonun buzilishi ehtimolini baholash imkonini beradi. Bu soliq ma’muriyatchiligining raqamli transformatsiyasida muhim qadam bo‘ladi va yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashga hissa qo‘shadi.
Har bir elektron hisob-faktura yaratish jarayonidayoq avtomatik tahlil qilinadi va xavf darajasi belgilanadi. Agar yuqori xavf belgilari aniqlansa, EHFning maqomi xaridorga ko‘rsatiladi. Bu potensial soliq oqibatlarini oldindan baholash va hamkor tanlashda ehtiyotkor bo‘lish imkonini beradi.

Hozirda tizim test rejimida ishlamoqda va to‘lovchilar yo‘l qo‘ygan jiddiy xatolarni jarimalarsiz avtomatik tarzda aniqlaydi. 2026 yildan boshlab yuqori xavfli EHF bo‘yicha ikkita asosiy shart qo‘llanadi.
Ularning ulushi hisobot davridagi barcha EHFlarning 10 foizidan oshmasligi kerak. Ular bo‘yicha QQSni hisobga olish faqat sotuvchi yoki xaridor tomonidan byudjetga soliq to‘liq to‘langanidan keyin mumkin.
Iyul oyidan boshlab Soliq qo‘mitasi saytida EHF rasmiylashtirishda qo‘pol qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilgan holatlar e’lon qilinmoqda. Xususan, chorvachilik xo‘jaligi sifatida ro‘yxatdan o‘tgan «Alfa» MCHJ (nomi o‘zgartirilgan) EHFga 96 mlrd. so‘mlik QQS bilan 896 mlrd. so‘mlik qora metallarni sotishga qo‘ygan.
Shuningdek, non mahsulotlari ishlab chiqaruvchi «Omega» MCHJ likvidatsiyaga urinish ortidan to‘satdan metall buyumlar uchun 326 mlrd. so‘mlik EHF rasmiylashtirgan. 10 mln. so‘m ustav kapitalli, hech qanday faoliyatsiz «Graf» MCHJ to‘rt kun ichida 38,5 mlrd. so‘mlik (QQS uchun 4,1 mlrd. so‘mlik) EHFni oshirilgan narxlarda (masalan, 1 kilogramm bodring 10 million so‘mga) taqdim etgan.
Iyul-sentyabr oylaridagi tahlillar asosida 27 ta soliq to‘lovchi o‘z iqtisodiy holatiga mos kelmaydigan operatsiyalarni amalga oshirgani, 281 ta korxona 5,9 trln. so‘mlik EHF rasmiylashtirgani, shundan 706 mlrd. so‘m QQS hisoblangani aniqlangan.
Soliq qo‘mitasining xabarida qayd etilishicha, yashirin iqtisodiyotning oldini olish, vijdonli soliq to‘lovchilarni himoya qilish, soliq tizimida shaffoflik va adolatni ta’minlash borasida tizimli ishlar olib borayotganiga alohida e’tibor qaratmoqda.
Sh.Mamaturopova, O‘zA