Nukusda O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tashabbusi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Statistika boshqarmasi hamkorligida “Elektron hisobotlarni topshirishda nodavlat notijorat tashkilotlari xabardorligini oshirish yo‘llari” mavzusida seminar trening o‘tkazildi.
Unda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Seminar davomida ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida bugungi kunda 650 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti turli sohalarda o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va 2018 yil 13 apreldagi qaroriga asosan, nodavlat notijorat tashkilotlari elektron shaklda elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda Adliya vazirligi, Davlat soliq boshqarmasi hamda Statistika boshqarmalariga yillik hisobotlarini topshirishlari belgilangan. Tadbirda mamlakatimizda elektron hisobotlarni topshirishning yo‘llari, uni to‘g‘ri topshirish qoidalari va hisobotlarni topshirish muddatlari haqida ma’lumot berildi.

Hozirgi kunda elektron hisobot topshirish avvalgidan ancha osonlashgan va vaqtni, shuningdek, sarflanadigan resurslarni tejaydi. Bilamizki, ilgari hisobot topshirish qog‘ozda amalga oshirilar, uni to‘ldirib chiqish va tegishli organlarning uni tekshirib chiqishi ko‘p vaqt talab etardi. Adliya vazirligining e-ngo.uz platformasi orqali nodavlat notijorat tashkilotlari nafaqat yillik hisobot topshiradi, balki boshqa masalalardagi faoliyatlari bo‘yicha ham ma’lumotlar berib boradi.
Tadbir davomida joriy yilning yanvar Adliya organlariga hisobot topshirish oyi, fevral esa Statistika boshqarmalariga hisobot topshirish oyi ekanligi inobatga olinib, barcha nodavlat notijorat tashkilotlari hisobotlarni to‘g‘ri va o‘z vaqtida topshirishi lozimligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, hisobotlarni o‘z vaqtida topshirmaslik tegishli tartibda jarimalar solinishiga sabab bo‘lishi tegishli mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan tegishli javob olishdi.
Seminar-trening davomida, shuningdek, ishtirokchilarga “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining asosiy yo‘nalishlari va ustuvor vazifalari bo‘yicha batafsil tushunchalar berildi. Jumladan, Strategiyada belgilangan fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlarining jamiyat hayotidagi rolini kuchaytirish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ijtimoiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, ochiqlikni ta’minlash hamda jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Bundan tashqari, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish, elektron hisobot tizimlarini joriy etish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatida hisobdorlik va tizimli ish yuritishni ta’minlash, ma’lumotlarni o‘z vaqtida va sifatli taqdim etishning ahamiyati keng yoritib berildi.
Shu bilan birga, Strategiyada belgilangan ijtimoiy soha, atrof-muhitni muhofaza qilish, aholining zaif qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, gender tenglikni ta’minlash, yoshlar va xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga qaratilgan vazifalarni amalga oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining amaliy ishtiroki muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri