Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasida “Fuqarolik jamiyati institutlarining adliya, soliq va statistika organlariga taqdim etadigan hisobotlarida elektron platformalar imkoniyatlari” mavzusida muhokama bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda viloyat adliya boshqarmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondining viloyat bo‘linmasi, NNTlar milliy assotsiatsiyasi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakillari ishtirok etishdi.

Uchrashuv avvalida “O‘zbekiston–2030” strategiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyati atroflicha tahlil qilindi. Mazkur tadbirda mamlakatni uzoq muddatli rivojlantirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar, islohotlarning izchil davom ettirilishi, davlat boshqaruvida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, inson qadrini ulug‘lash, qonun ustuvorligi va adolat prinsiplarini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqot jarayonida Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi deputati, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi Sirdaryo viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari Sherali Mamadetsoyev tadbirning ahamiyatiga to‘xtalib, raqamli texnologiyalarni fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatiga keng joriy etish bugungi kunda zarur ekanini ta’kidladi.

– Bugun fuqarolik jamiyati institutlarining barqaror va samarali faoliyat yuritishi, eng avvalo, ularning ochiqligi va hisobdorligi bilan bevosita bog‘liq. Elektron platformalar orqali hisobot topshirish tizimi nodavlat notijorat tashkilotlari uchun ortiqcha qog‘ozbozlik va byurokratik to‘siqlarni qisqartirib, vaqt hamda moliyaviy resurslarni tejash imkonini beradi. Eng muhimi, mazkur tizim davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlikda shaffoflikni ta’minlab, hamkorlikni sifat jihatdan yangi, zamonaviy bosqichga olib chiqadi. Bu esa “O‘zbekiston–2030” strategiyasida belgilangan ochiq, hisobdor va inson manfaatlariga xizmat qiluvchi davlat boshqaruvini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir, – dedi u.

Uchrashuv davomida e-ngo.uz, my.soliq.uz hamda davlat statistika organlarining elektron axborot tizimlari orqali hisobot topshirish tartibi, elektron raqamli imzodan foydalanish imkoniyatlari, hisobot yukini kamaytirish, davlat organlari o‘rtasida ma’lumot almashinuvini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan ma’ruzalar qilindi.

Ishtirokchilar elektron platformalardan foydalanishdagi ayrim muammolarni muhokama qilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdilar, mutaxassislar esa savollarga batafsil javob berishdi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri