Shu yilning yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga oshib, 28,6 ming donani tashkil etdi.
Hududlar kesimida eng yuqori faollik Buxoro, Qashqadaryo, Farg‘ona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi.
Shu bilan birga, o‘tgan yilga nisbatan yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kamaydi.
Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining joriy yil yanvar oyi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston birlamchi avtomobil bozorining dinamikasi va hududiy tuzilmasiga oid yangilangan tahlilida qayd etildi. Tahlil bozor segmentlaridagi o‘zgarishlarni, jumladan, elektromobillar bozoridagi tendensiyalarni ham qamrab oladi.
Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar segmentida sotuvlar o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 11 foizdan ortiq o‘sib, 24 ming dondan ziyodni tashkil etdi.
Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 10 foizga kamaydi.
Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi.
Hududiy kesimda yanvar oyidagi sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keldi. Poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilib, jami hajmning 62 foizdan ortig‘ini tashkil etdi.
Keyingi o‘rinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlari qayd etildi.
Shu bilan birga, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3 foizga o‘sib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etdi.
Mohigul Qosimova tayyorladi,
O‘zA