Prezidentimizning parlament va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 6 ta ustuvor yo‘nalishda muhim vazifalar belgilab berildi. Shu jumladan, eng dolzarb masalaga aylanib borayotgan ekologiyaga oid maqsad-vazifalar, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish beshinchi ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi.
Darhaqiqat, bugun ekologiya sohasida bir qator muammolar bo‘y ko‘rsatib, keskinlashib borayotgani ushbu masalaga davlat siyosati darajasidagi e’tiborni yanada kuchaytirmoqda. Mazkur yo‘nalishda bir qator hayotiy loyihalar amalga oshirilayotgani, ekologik muammolarni yumshatish va iqlim o‘zgarishlariga moslashish choralari ko‘rilayotgani e’tiborga molik. Bu boradagi sa’y-harakatlar kelgusi va undan keyingi yillarda yanada jadal tus oladi.

Poytaxtimiz va hududlarda o‘tkazilayotgan ekologik reydlarda ma’lum bo‘lyaptiki, ko‘pgina ishlab chiqarish korxonalarida, issiqxonalarda filtr va tozalash uskunalari mavjud emas yoki talabga javob bermaydi.
Bu borada Murojaatnomada qayd etilgandek, yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasi o‘rnatish uchun birinchi bosqichda 100 million dollarlik kredit liniyasi ochiladi. Bu esa monitoring natijalaridan kelib chiqqan holda zarur choralarni ko‘rish imkoniyatini yaratadi.
Davlat rahbari tomonidan Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 2 mingga yaqin ko‘mir va gazda isitiladigan issiqxonadan havoga yiliga 137 ming tonna zararli modda chiqishi aytib o‘tildi. Endi ko‘mirda filtrsiz ishlaydigan qozonxonalardan voz kechilishi, ularni poytaxt atrofidan ko‘chirib, hamma joyda markazlashgan qozonxonalar orqali isitish yo‘lga qo‘yilishi ta’kidlandi. Shu maqsadda 200 gektardan kam bo‘lmagan agroklasterlar tashkil etilib, ularning tarkibiga o‘tadigan issiqxonalarga alohida subsidiya berilishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, Murojaatnomada shaharlardagi tirbandliklar oqibatida ekologiyaga ham jiddiy zarar yetayotganiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Bu yo‘nalishda avtomobillar uchun ekologik stikerlar tizimi joriy etilishi, katta miqdorda zararli moddalar chiqaradigan avtomashinalarning poytaxt va viloyat markazlari hamda shaharlarga kirishiga cheklov o‘rnatilishi, bunday transport vositalarini yangisiga almashtirish yoki ularga filtr o‘rnatish uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilishi ma’lum qilindi. Shu bilan birga, eski mashinasini almashtirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga avtokredit foizining bir qismi qoplab beriladigan bo‘ldi.
Ekologik avtomobillarni ko‘paytirish maqsadida mahalliy elektromobillar uchun 12 foizli, xorijiy elektromobillar uchun esa 16 foizli avtokreditlar ajratilishi ma’lum qilindi. Elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatadigan fuqarolarga esa bir qator imtiyozlar berilishi aytib o‘tildi. Ta’kidlash kerakki, ushbu choralar atmosfera havosi tarkibidagi zararli moddalar ulushini kamaytirish, aholi salomatligini asrashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shuningdek, Surxondaryoda 10 ming gektarda “yashil makon”, Sirdaryoda 84 kilometrli “yashil devor” barpo etilishi, Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro va Navoiyda jami 250 ming gektar, jumladan, Orolning qurigan tubida 115 ming gektar yerda daraxt va butalar ekilishi belgilab berilgani chang-to‘zonlarning oldini olish, atmosferaga zararli moddalar ko‘tarilishini bartaraf etish, iqlim muammolarini yumshatishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, har bir hududda botanika va dendrologiya bog‘lari hamda 20 tadan soya-salqin sayr ko‘chalari barpo qilinishi rejalashtirilmoqda. Ekologiya sohasidagi amaliy ishlarni moliyalashtirish uchun yangi 2026 yilda jami 1 trillion 900 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomada hayotimiz, salomatligimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan ekologiya sohasida ilgari surilgan barcha tashabbus barqaror va ekologik xavfsiz kelajagimizni yaratishda dolzarb ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu maqsad-vazifalarning hayotiyligini ta’minlash esa har birimizning ekologik madaniyat va mas’uliyatimizga bog‘liqdir.
Muhtarama Komilova,
O‘zA