Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr va gaz ta’minotida ko‘rsatkichlar yaxshilanmoqda
20:43 / 2024-12-25

Kecha, ya’ni 24 dekabr kuni mamlakatimizda elektr energiyasi ishlab chiqarish 254,7 million kilovatt soatni tashkil etdi. Shundan 240,8 million kilovatt soat elektr energiyasi respublika iste’molchilariga yetkazib berildi.

Ta’kidlash joizki, o‘tgan yilning shu kunida elektr energiyasi ishlab chiqarish 240,1 million kilovatt soat, iste’mol esa 226,9 million kilovatt soatni tashkil etgan edi. Joriy yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga ishlab chiqarish 14,6 million kilovatt soatga yoki 6 foizga ko‘paydi. Iste’mol ko‘rsatkichi esa 13,9 million kilovatt soat yoxud 6,1 foizga o‘sdi. 

Bu haqda AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda "Hududiy elektr tarmoqlari" AJ boshqarma boshlig‘i Saodat Ibragimova ma’lum qildi. 

Magistral gaz quvurlarida gaz bosimining tushib ketishi oqibatlarini bartaraf etish, respublika iste’molchilari hamda issiqlik elektr stansiyalarini tabiiy gaz bilan bir maromda ta’minlashda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarning oldini olish maqsadida bir qator zarur choralar ko‘rilmoqda. 

Xususan, aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan ta’minlash hamda quvurlardagi bosimni bir me’yorda tutib turish maqsadida barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilmoqda. 

Kecha mamlakatimizdagi 697 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi faoliyat ko‘rsatdi. Aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda issiqlik ta’minoti korxonalari tabiiy gaz bilan to‘liq ta’minlandi. Natijada issiqlik yetkazib berish sohasida qish fasli boshlanganidan beri uzluksiz ta’minot yo‘lga qo‘yilgan. 

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlarining ehtiyojini to‘liq qoplash maqsadida avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi odatdagidan qariyb 4 baravar ko‘p yetkazib berilmoqda. Xususan, 24 dekabr kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi AYOQSHlarga 4 ming 500 tonna avtobenzin yetkazib berildi. 

Avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun birja savdolariga qo‘yilgan 8 ming 345 tonna avtobenzinning 3 ming 400 tonnasi, 29 ming tonna dizel yonilg‘isining esa 2 ming 42 tonnasi sotildi. Bu avtobenzin bo‘yicha 2023 yil 24 dekabrdagiga nisbatan 7,3 marta, dizel yonilg‘isi bo‘yicha esa 5 baravardan ko‘p degani. 

Shuningdek, gaz to‘ldirish shoxobchalarida sotish uchun birja savdolariga 4 ming 835 tonna, o‘tgan yildagiga nisbatan qariyb 3 baravar ko‘p suyultirilgan gaz chiqarilgan bo‘lib, uning 1 ming 542 tonnasi sotildi. 

Qishning sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida 1 ming 657 ta maxsus brigada tunu kun ishlab, joylarda muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etmoqda. Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida 3 ta va gaz ta’minotida yuzaga kelgan 2 ta nosozlik bartaraf qilindi. 

Energetika vazirligiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rilgan. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA