English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr tarmoqlarida texnik choralar barqarorlikni ta’minlaydi
16:18 / 2025-11-28

Bugungi kunda energetika infratuzilmasini modernizatsiya qilish va elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, yuqori kuchlanishli podstansiyalarda o‘tkazilayotgan profilaktik va texnik yangilanishlar elektr ta’minotining uzluksizligini oshirish, xavfsizlik va ishonchlilikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ axborot xizmatining xabar berishicha, ayni kunlarda bu boradagi ishlar tizimli olib borilyapti.

Xususan, “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali tasarrufidagi 220/110/35/10/6 kV kuchlanishli “Qo‘yliq” podstansiyasida 83-sonli topshiriqnoma asosida muhim texnik ishlar bajarildi.  Unga ko‘ra, L-F-Ku 220 kV taqsimlovchi qurilma liniyasida yuqori chastotali to‘sqich almashtirildi, shuningdek, L-Yu-R 110 kV liniyasi 6 kV himoya tizimi qurilmasiga ulandi. Bu ishlar elektr uskunalarining barqaror va xavfsiz ishlashini ta’minlash, avariyalar ehtimolini kamaytirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, ob’ekt hududi estetik ko‘rinishi yaxshilandi.

Xuddi shu kabi Namangan viloyatidagi “Namangan magistral elektr tarmoqlari” filialida ham elektr ta’minotining ishonchliligini oshirish maqsadida profilaktik ishlar amalga oshirildi. Podstansiyalarning estetik holati yangilandi, dispetcherlik atamalari zamonaviylashtirildi va kabel kanallari ta’mirlandi. Bu yangilanishlar texnik holatni mustahkamlash, xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va elektr energiyasini barqaror yetkazib berishda muhim o‘rin tutadi.

–Bu amalga oshirilayotgan yangilanishlar elektr tarmoqlarining ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi. Uskunalarni yangilash va himoya tizimlarini takomillashtirish natijasida biz avariya holatlari ehtimolini kamaytirib, podstansiyalarning uzluksiz ishlashini ta’minlayapmiz. Eng muhimi, bunday ishlar aholi va korxonalarga yetkaziladigan elektr energiyasining sifatini yaxshilab, butun tarmoqning barqaror faoliyat yuritishiga mustahkam asos yaratadi, – dedi jamiyat axborot xizmati rahbari U.Urunov.

Ahamiyatlisi, ayni kunlarda Toshkent va Namanganda amalga oshirilgan ishlar mamlakat elektr tarmoqlari infratuzilmasini rivojlantirish, xavfsiz va uzluksiz ta’minotni ta’minlash borasidagi keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasini namoyon etmoqda.

N.Ziyodullayeva, O‘zA