“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filiali balansidagi uzunligi 20 479,5 km 0,4-10 kV elektr uzatish tarmog‘i, 6 ming 793 dona transformator punktlari orqali hudud aholisini, ijtimoiy va sanoat tarmoqlarini doimiy va barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlab kelmoqda.
2025 yil davomida uzunligi 2 411,3 km 0,4-10 kV elektr tarmog‘i, 730 dona transformator punktida yirik ta’mirlash, uzunligi 4 ming 541,9 km 0,4-10 kV elektr tarmog‘i, 1 ming 587 dona transformator punktida kichik ta’mirlash ishlari bajarildi. 2025-2026 yil kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlarida va elektr uskunalarida yuzaga kelgan avariya holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etishda 48 avtotransport, 39 maxsus texnika va qo‘shimcha 80 ta brigada shay holatga keltirilgan.
So‘nggi yillarda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik tomonidan filiallarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga juda katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Qoraqalpog‘iston hududiy filiali tarkibiga kiruvchi shahar va tuman elektr ta’minoti uchun 30 dona “Changan” yuk-yo‘lovchi tashuvchi elektromobillarining topshirilishi iste’molchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada yaxshilash imkonini beradi. Bu esa aholiga uzluksiz va sifatli elektr energiyasi yetkazib berish, joylarda yuzaga keladigan avariya holatlarini tezkor bartaraf etishga xizmat qiladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri