English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr ta’minotidagi cheklovlarga gaz bosimining pasayishi va ehtiyojning oshishi sabab bo‘lmoqda – Energetika vazirligi 
17:24 / 2024-03-01

AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lumot berishicha, qishning sovuq kunlarida kunning tig‘iz paytlarida elektr ta’minotida ma’lum miqdorda cheklovlar kiritilmoqda.

Xususan, 29-fevral kuni mamlakatimizda 700 MVtgacha cheklovlar kiritildi. Bugun, ya’ni 1-mart kuni kiritilgan eng katta cheklov 365 MVtni tashkil qildi. 

Vazirlikka ko‘ra, bunday cheklovlarga gaz bosimining pasayishi va ehtiyojning oshishi sabab bo‘lmoqda. 

Shuningdek, respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida iste’molning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda. 

–Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 6 ta, gaz ta’minotida yuzaga kelgan 3 ta nosozlik bartaraf qilindi. Jumladan, kecha Surxondaryo viloyatidagi “Gulcha” podstansiyasida nosozlik yuzaga kelgan. Buning oqibatida Oltinsoy, Uzun tumanlari va Denov shahridagi 10 ming 200 ta abonent elektr ta’minotidan uzilgan. Nosozlik to‘liq bartaraf etilib, iste’molchilar elektr ta’minotiga qayta ulangan. Shuningdek, Toshkent shahridagi “Hosilot” podstansiyasida nosozlik yuzaga kelgan. Natijada Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi 2 mingta iste’molchi elektr ta’minotidan uzilgan. Soat 23:15da ta’mirlash ishlari yakunlanib, iste’molchilarning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev. 

Tadbirda qayd etilishicha, elektr ta’minotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga iste’molchilardan 628 ta murojaat kelib tushgan va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilgan. Tabiiy hamda suyultirilgan gaz ta’minoti bo‘yicha kelib tushgan 235 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rilgan. 

N.Ziyodullayeva, O‘zA