Energetika vazirligi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, joriy yilning 3-mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 960 MVtgacha cheklovlar kiritilgan. Bugun ham ta’minotda ma’lum miqdorda cheklovlar joriy qilinadi.
Shuningdek, fevral oyining ikkinchi o‘n kunligida Buxoro viloyatida sodir bo‘lgan avariyadan so‘ng magistral gaz quvurlarida gaz bosimi keskin tushib ketdi. Bu esa ta’minotni me’yorda ushlab turish, ishlab chiqarish va iste’mol uchun tabiiy gazni bir maromda yetkazish masalasini qo‘ymoqda. Shu sababli, barcha hududlardagi avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari tasdiqlangan reja-grafik asosida faoliyat ko‘rsatmoqda.
–Kecha mamlakatimizdagi 280 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 2 million 571 ming metr kub tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 390 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi. Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada ta’minlanmoqda. Xususan, 3-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga qo‘shimcha 1 ming 165 tonna avtobenzin yetkazib berildi, – dedi vazirlik axborot xizmati rahbari H.Toshxo‘jayev.
N.Ziyodullayeva, O‘zA