Qaror va ijro
Oxirgi yillarda Toshkent viloyati hududlarida elektr ta’minotida uzilishlarning oldini olish, uzluksiz ishlashini ta’minlash va aholiga bu borada qulaylik yaratishga qaratilgan ishlar o‘z natijasini bermoqda.
Xususan, barcha tuman-shaharlarda aholini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash uchun tezkor brigadalari 24 soatlik ish rejimiga o‘tkazilgan. Qolaversa 2025-2026 yillar kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida 633 nafar xodimdan tashkil topgan 186 ta ta’mirlash brigadalari tashkil etildi. Ularga 56 ta maxsus texnika va 112 ta avtomashinalar biriktirilgan.
Prezidentimizning 2024 yil 23 sentyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan joriy yil boshidan beri Toshkent viloyati “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ “Hududiy qurilish-montaj direksiyasi” filiali Toshkent bo‘linmasi tomonidan joylarda 476,7 kilometr havo liniyasini rekonstruksiya qilish va 94 dona transformatorlar o‘rnatish hamda 12 ming 831 dona beton tayanchlar o‘rnatish rejalashtirilgan edi.
– Qarorga ko‘ra, birgina Ohangaron tumanida ham keng ko‘lamli sa’y-harakatlar qilinmoqda, – deydi Ohangaron tumani elektr ta’minoti korxonasi bosh muhandisi Sanjar Mo‘minov. – Hududdagi 6 ta mahallada 1 ming 416 ta temir beton tayanchlar o‘rnatilib, 33 kilometr kabel tortish, 4 dona yangi elektr transformatori o‘rnatish belgilangan edi. Shu kunlarda bu ishlar reja bo‘yicha qilinmoqda. Asosiy maqsad mahallalar aholisi kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida muammo bo‘lmaslikka harakat qilmoqda.
Masalan, Ovjazsoy qishlog‘i Ohangaron tumani markazidan taxminan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, uzoq yillar aholini eskirgan simyog‘ochlar qiynar edi. Endi ushbu muammo ijobiy hal etildi va temir-beton ustunlar o‘rnatilmoqda. Mahalla raisi Muhriddin Bo‘taboyevning aytishicha, ko‘p yillardan beri simyog‘ochlar nosoz ahvolga kelgani tufayli suvoq kunlarda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lgan. Shuni e’tiborga olib, 250 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi.
Shuningdek, tumanning eng olis hududi hisoblangan “Shovg‘oz” MFYda temir-beton ustunlarini o‘rnatish, yangi transformatorni ishga tushirish ishlari olib borildi. Muhimi, olis manzillar infratuzilmasini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan bu kabi ishlar sabab endi elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga barham beriladi.
A.Musayev, O‘zA.