“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali tomonidan bugungi kunda viloyatdagi mavjud 142 dona podstansiya, 19,5 ming kilometrga yaqin elektr uzatish tarmoqlari, 239 dona katta kuchlanishdagi, 8 ming 625 dona past kuchlanishdagi transformator punktlari orqali 710 mingga yaqin iste’molchiga belgilangan tartibda elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.
Viloyatda iste’molchilarni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning sifatini yanada yaxshilash, qolaversa, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Asosiy maqsadimiz iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali rahbari Sardorbek Yusupov. – Bu borada mavjud muammolar bartaraf etilmoqda, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarning oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Jumladan, 2025-2026 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida viloyatda 0,4-6-10 kilovatt kuchlanishdagi 2 ming 354,8 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 835 ta transformator punkti mukammal ta’mirlandi.
Ana shu ishlar natijasida viloyat hududidagi 280 ming dan ziyod aholi xonadoni hamda 1000 dan ziyod ijtimoiy soha ob’ektlarida elektr energiyasi ta’minotining yaxshilanishiga erishildi.
“Andijon magistral elektr tarmoqlari” filiali tomonidan taqsimlovchi tarmoqlarga elektr energiyasini sifatli va barqaror yetkazib berilishini ta’minlash maqsadida Buloqboshi tumani “Shohguzar” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 35/10 kilovatt kuchlanishli, “Buloqboshi” podstansiyasida yuqori yuklama bilan ishlayotgan 4 megavatt quvvatli T-2 va 2,5 megavatt quvvatli T-3 transformatorilar o‘rniga 16 megavatt quvvatli transformator o‘rnatilib, qo‘shimcha 9,5 megavatt quvvat zaxirasi yaratildi. Buning natijasida tumanning 10 ta mahallasidagi 11 ming 400 ta aholi xonadoni hamda 500 dan ortiq yuridik iste’molchining elektr ta’minoti yanada yaxshilandi.
Bundan tashqari, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘lari jalb qilingan holda 2023–2026 yillar davomida Andijon viloyatida “Raqamli transformatsiya va taqsimlash tarmog‘ining barqarorligini oshirish” loyihasi izchil amalga oshirilmoqda.
Loyiha doirasida Andijon shahrining Paxtakor mahallasida joylashgan “Yayilma”, Qo‘shariq mahallasining “3-son” hamda Asaka tumanidagi Birdamlik mahallasida joylashgan “Asaka” podstansiyalarida mavjud transformatorlar yuqori quvvatli zamonaviy transformatorlarga almashtirilib, modernizatsiya ishlari olib borilmoqda.
Mazkur ishlar elektr energiyasini yetkazib berishdagi uzilishlarni kamaytirish, tarmoqning ishonchliligini oshirish va aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr ta’minoti bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Kuz-qish mavsumini barqaror va betalafot o‘tkazish, shuningdek, turli texnik nosozliklarning oldini olish hamda yuzaga kelgan holatlarda ularni tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon filiali tomonidan zarur jihoz va materiallar zaxirasi shakllantirildi.
Xususan, markaziy ombor va barcha tuman hamda shaharlarda turli quvvatdagi 44 ta transformator, 35 tonna transformator moyi, 3 tonna ochiq sim, 2 kilometr uzunlikdagi kabel, 350 dona mufta, temir-beton ustunlar, izolyatorlar, avtomatlar va boshqa muhim jihozlar zaxira sifatida saqlanmoqda.
[gallery-25467]
Avariya holatlarini tezkor bartaraf etish maqsadida viloyat bo‘yicha 68 ta maxsus ta’mirlash brigadasi tashkil etilgan. Ushbu brigadalarga 286 nafar tajribali muhandis va texnik xodim, 68 ta maxsus texnika vositasi biriktirilgan. Shu bilan birga, ular issiq kiyim-bosh va zamonaviy maxsus vositalar bilan to‘liq ta’minlangan. Ayni paytda viloyatning barcha hududlarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari izchil davom etmoqda.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA