Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr taʼminoti: muammo, yechim va samara
07:38 / 2020-03-12

Mustaqillikning dastlabki chorak asrida aholining eng koʻp noroziligiga sabab boʻlgan muammolardan biri elektr energiyasi taʼminotidagi yetishmovchiliklar boʻlgani sir emas.


Mustaqillikning dastlabki chorak asrida aholining eng koʻp noroziligiga sabab boʻlgan muammolardan biri elektr energiyasi taʼminotidagi yetishmovchiliklar boʻlgani sir emas. Shunday vaqtlar ham boʻldiki, mamlakatimizning qishloq joylarida bir kecha-kunduzda yigirma soatlab elektr energiyasi boʻlmadi, turli toifadagi cheklovlar zanjiri tufayli ayrim hududlarda odamlar uch-toʻrt kunlab sham yoqib oʻtirdi.

Bunga asosiy sabab demografik jarayon bilan sobiq tuzum davridagi energotizim oʻrtasida oʻsib borgan nomutanosiblik ekanligini hamma ham tushunavermaydi yoki tushunishni istamaganlar ham koʻp. Zero, mustaqillikning ilk yillarida respublikamiz aholisi soni 20,5 million kishini tashkil qilgan boʻlsa, bugunga kelib bu koʻrsatkich 34 milliondan oʻtdi.

6.jpg

Jumladan, ayni paytda 2 million 700 mingdan ziyod aholi yashayotgan Namangan viloyati elektr taʼminoti borasidagi muammolardan mustasno emas. Viloyatda bugungi kunda shunga mos ravishda elektr isteʼmolchilar soni 552 ming 973, shuningdek, ulgurji isteʼmolchilar soni 23 ming 927 ni tashkil etmoqda. Ularga 13 million kV.soat elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

– 2016-yilga qadar yirikroq loyiha yoki dastur amalga oshirilmagani, eskirib, xizmatini oʻtab boʻlgan tarmoqlarni yangilash, yangilarini qurish, manbalarni aholi va ulgurji isteʼmolchilar soniga mutanosib ravishda rivojlantirib borilmagani viloyatimizda ham elektr energiyasi taʼminotida murakkab vaziyatlarga sabab boʻldi, – deydi “Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ rahbari J.Rizzayev. – Birgina 2019-yil davomida “Namangan HETK” AJ tomonidan “Obod qishloq” hamda “Obod mahalla” dasturlariga asosan viloyat boʻyicha 188 ta transformator punkti oʻrnatildi. 9 ming 657 ta temir beton tayanch oʻrnatilib, 349 kilometrdan ziyod uzatish tarmogʻi tortildi. 1 ming 211 kilometrdan ortiq 0,4-110 kVli elektr uzatish tarmogʻi, 74 ta 35-110 kVli oʻchirgich, 6 ta 35-110 kVli nimstansiya, 5 ta110 kVli kuch transformatori, 537 dona 6-10/0,4 kVli transformator punkti hamda 282 ta tarmoq transformatori mukammal taʼmirlandi.

9.jpg

Oʻtgan yildan boshlab aksionerlik jamiyati tizimida tashkil etilgan “Temir beton tayanch” korxonasida temir beton tayanchlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. 25 nafar kishi ish bilan taʼminlangan korxonada hozirda kuniga 56 ta temir beton tayanchi tayyorlanib elektr xoʻjaligi ehtiyojiga yetkazib berilmoqda. Mazkur mahsulotning mahalliylashtirilishi natijasida ehtiyoj toʻla qoplanib, iqtisodiy tejamkorlikka ham omil boʻlayapti. Chunki, avvallari temir beton tayanchlarni yetishmasligi, ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan talab qilingan muddatga yetkazib berilmasligi, uzoq masofadan tashib keltirish xarajatlari jiddiy muammo boʻlgan. Temir beton tayanchlarning korxonaning oʻzida ishlab chiqarilishi hisobiga oʻtgan yilning oʻzida 6 milliard soʻmdan koʻproq mablagʻni tejab qolishga erishildi.

Prezidentining 2016-yil 23-noyabrdagi “2017-2021-yillarda past kuchlanishli elektr tarmoqlarini yana-da modernizatsiya qilish va yangilash dasturi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq joriy yilda elektr energiyasini elektr tarmoqlari boʻylab uzatish va taqsimlashda texnologik yoʻqotishlarning oldini olish maqsadida 744,7 kilometr tarmoqda modernizatsiya va yangi qurilish ishlari olib borish, 364 ta transformator punkti oʻrnatish koʻzda tutilgan.

8.jpg

Bundan tashqari, tizimda elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi – ASKUE ni viloyat miqyosida joriy etish ishlari izchil davom ettirilmoqda. Ayni paytda 1034 ta tizimni nazorat qilish konsentratori oʻrnatildi. Mingbuloq, Chust, Yangiqoʻrgʻon tumanlarida hisoblagichlarni almashtirish ishlari davom ettirilmoqda. 2020-yil yakuniga qadar 398 ming 130 dona aqlli hisoblagich oʻrnatish rejalashtirilgan.

Aksionerlik jamiyatida iqtisodiy tejamkorlik yoʻlida koʻrilgan yana bir amaliy chora diqqatga sazovor. 

7.jpg

– Avvallari 0,4-10 kVli elektr qurilmalarini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun loyiha hujjatlari buyurtma asosida loyihalash institutlari tomonidan bajarilar edi, – deydi jamiyat bosh muhandisi R.Mirzayev. – Birgina 2018-yilda shunday loyiha hujjatlariga jamiyatimiz tomonidan 1,7 milliard soʻm mablagʻ sarflangan. 2019-yildan boshlab loyiha hujjatlari oʻzimizning loyihalash boʻlimlarida tayyorlanmoqda. Natijada, masalan oʻtgan yilda 349,3 kilometr elektr uzatish tarmogʻi va 192 ta transformator punktini loyihalash uchun 300 million soʻm mablagʻ sarflanib, 1,4 milliard soʻm mablagʻ korxona foydasiga iqtisod qilib qolindi.