Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr stansiyalarini kuz-qish mavsumiga tayyorgarlash ishlari qizg‘in olib borilmoqda
20:11 / 2024-05-13

Issiqlik elektr stansiyalari va markazlarida 2024-2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik  ishlari tizimli amalga oshirilmoqda.  Xususan, 53 ta ob’ektda,  shu jumladan, 14 ta energoblok, 28 ta qozon qurilmasi, 7 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta gaz-turbina qurilmasi va 1 ta turbogeneratorda mukammal, o‘rta va joriy ta’mirlash ishlarini bajarish rejalashtirilgan.

Ushbu jarayonda “O‘zbekenergota’mir” aksiyadorlik jamiyati  jamoasi ta’mirlash ishlarida faol ishtirok etmoqda. Ular ta’mir ishlarining sifatli bo‘lishi uchun har bir ishga katta mas’uliyat bilan yondashmoqda. Asosiy maqsad ta’mir ishlarini sifatli va o‘z muddatida bajarish va aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari hamda iqtisodiyot tarmoqlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlashdir. 

Ta’mirlash ishlari joriy yilning fevral oyidan boshlangan edi. Bugungi kungacha 1 ta energoblok, 2 ta bug‘-gaz qurilmasi, 3 ta qozon agregatida ta’mirlash ishlari yakunlandi. Ayni kunlarda 1 ta bug‘-gaz qurilmasi, 5 ta energoblok va 14 ta qozon agregatlarida ta’mir ishlari amalga oshirilmoqda. 

Rejalashtirilgan ta’mir ishlari to‘liq amalga oshirilishi evaziga energoqurilmalarning mavjud quvvati 281 MVt hamda qozon qurilmalarining ishlab chiqarish quvvati 150 tonna/soatga oshirilishiga erishiladi. Ayni paytgacha Tolimarjon IES va To‘raqo‘rg‘on IESda  yirik bug‘-gaz qurilmalari mavsumga shay holatga keltirildi. Bu yerda “O‘zbekenergota’mir” AJ mutaxassislari Yaponiyaning “Mitsubishi” kompaniyasi muhandislari bilan birgalikda ish olib bordi.

Issiqlik elektr stansiyalari tizimida an’anaviy energobloklar ta’miriga ham alohida e’tibor qaratilmoqda, ular qish mavsumida kuzatiladigan sovuq ob-havo sharoitida elektr energiyasi ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rin egallaydi.  Jumladan, Toshkent IES misolida olib qaraydigan bo‘lsak, kuni kecha korxonaning 12-sonli an’anaviy energoblokida ta’mirlash ishlari yakuniga yetkazildi. 

“O‘zbekenergota’mir” AJ 200 ga yaqin mutaxassislari ishtirok etgan ushbu jarayonda energoblokning turbina va qozon qurilmalari, transformator va boshqa yordamchi uskunalarda ta’mirlash va sozlash ishlari bajarildi. Natijada energoblokning ishlab chiqarish quvvati 120 MVt dan 155 MVt gacha oshirilgan bo‘lsa, qozon agregatining bug‘ ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 448 tonna/soatdan 528 tonna/soatgacha oshirilishiga erishildi. Natijada qozonning foydali ish koeffitsiyenti 88,68 foizdan 90,44 foizga oshdi. Bunda asosiy yoqilg‘i hisoblangan tabiiy gaz sarfini 140 million m3 miqdorida iqtisod qilish ta’minlanadi. 

N. Ziyodullayeva, O‘zA