English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr o‘chganidan foydalanib, bankomatni o‘marmoqchi bo‘ldi
11:25 / 2022-01-26

Joriy yilning 25 yanvar kuni respublikamiz hududida elektr ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar sababli Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi tomonidan barcha hududlarda tungi vaqtda huquqbuzarliklarni oldini olish, qo‘riqdagi ob’ektlar hamda fuqarolarimiz mol-mulki ishonchli himoyasini kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi bo‘linmalari respublikamiz hududlarida kuchaytirilgan xizmat tartibiga o‘tkazildi va joylarda qo‘shimcha ravishda Tezkor harakatlanuvchi guruhlar hamda piyoda patrullik yo‘nalishlari tashkil etildi.

Bu haqda Milliy gvardiya Qo‘riqlash bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Natijada 25 yanvar kuni tungi soat 20:10 lar atrofida Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani qo‘riqlash bo‘limi xodimlari yo‘nalish bo‘ylab xizmat olib borayotgan vaqtida noma’lum shaxs Yangiyo‘l tumani Samarqand ko‘chasida joylashgan “Davr bank” Olmazor filialiga qarashli bankomatni ochishga urinayotganligi aniqlashdi va tezkor harakatlanuvchi guruh chaqirtirildi.

Xodimlar tomonidan ko‘rilgan tezkor chora-tadbir natijasida noma’lum shaxs voqea joyida ushlanib, o‘rnatilgan tartibda Yangiyo‘l tumani IIO FMBga topshirilgan.

Dastlabki surishtiruv ishlari natijasida ushbu shaxs  Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan 22 yoshli fuqaro I.D. ekani aniqlangan.  

Hozirda holat yuzasidan Yangiyo‘l tumani IIO FMB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

O‘zA