Hashar – xalqimizning an’anaviy tadbiri. Uning zamirida rizq-baraka mujassam. Negaki, hashar odamlar o‘rtasida hamjihatlik muhitini yaratadi. Qolaversa, yashillik va obodonlashtirish ishlarida bu tashabbus muhim hisoblanadi.
Shu bois har yili an’anaviy tarzda tashkil etiladigan xayriya hasharlarida turli soha vakillari bir tanu bir jon bo‘lib faol qatnashishlari odat tusiga aylangan.

Joriy yil 22-23 avgust kunlari mamlakatimiz bo‘ylab “Obod va fayzli mahalla – yurt ko‘rki” shiori ostida o‘tkazilayotgan umumxalq xayriya hasharida “Issiqlik elektr stansiyalari” aksiyadorlik jamiyati va uning tizimidagi korxonalar ishchi-xodimlari faol qatnashmoqda.
Xususan, Muborak issiqlik elektr markazi jamoasi tadbirni ko‘tarinki ruhda tashkil etdi. Ishchi-xodimlar erta tongdan boshlab korxona hududi va unga tutash maydonlarni tozalash, ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va ko‘chatlarni parvarishlash ishlarini amalga oshirdi.
Jamiyat axborot xizmati rahbari Muhammadjon Bekmuhammedov ta’kidlaganidek, mazkur xayriya hasharlari yurt ravnaqi va mahalla-ko‘chalarning ko‘rkamligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

–Korxonalarimizda ishchi-xodimlarning bir tanu bir jon bo‘lib, ezgu tashabbusda faol ishtirok etishi nafaqat korxonada mehnat intizomini mustahkamlaydi, balki jamiyatda obodonlashtirish ishlarini yanada yuksaltirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, yashillikni asrab-avaylash va ozodalikka rioya qilish har bir fuqaroning insoniy burchidir. Bunday xayriya tadbirlari nafaqat hududlarni yanada ko‘rkam va fayzli qilishga, balki aholida tozalik, poklik va obodlik madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Muborak IEM jamoasi esa bu kabi ezgu tashabbuslarda muntazam ravishda qatnashib kelyapti. Bu esa ularning yurt ravnaqi yo‘lida fidokorona mehnatini ko‘rsata olishidan dalolat deyish mumkin, – dedi u.
Ayni paytda mazkur korxonalarda umumxalq xayriya hashari tadbirlari davom etmoqda.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA