Elektr isitish qurilmasida jiddiy kamchiliklar aniqlandi
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Navoiy viloyati bo‘limi tomonidan Navoiy shahrida joylashgan savdo shoxobchalaridan birida “Lider” rusumli elektr isitish vositasi bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan laboratoriya tahlillari natijasida mazkur mahsulot amaldagi standart talablariga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi.
Xususan, qurilmada quyidagi kamchiliklar aniqlandi:
-iste’mol quvvatida ishlaydigan TENlarni sovitishga mo‘ljallangan ventilyatorning nosozligi;
-ishlash haroratida sizib chiqish toki ko‘rsatkichlarining me’yor talablariga mos kelmasligi;
elektr kabelining qizib ketishi oqibatida yong‘in kelib chiqishi xavfining mavjudligi.
Mazkur holat fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkinligi bois, mahsulot yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Hamroz Bayanov,
O‘zA