Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi tomonidan Nukus shahridagi savdo shoxobchalarida sotilayotgan, yurtimizda ishlab chiqarilgan "Akalon" elektr isitish pechi bo‘yicha nazorat xaridi o‘tkazildi.
Laboratoriya tahlillari natijasida "Akalon" elektr pechi texnik reglament, markirovka va amaldagi standartlar talablariga javob bermasligi aniqlangan.
Mahsulotda ishlatilgan sim kesimi talab etilgan 0,75 mm² dan kichik bo‘lib, uning haqiqiy o‘lchami me’yordan past ekani qayd etildi.
Bunday simlar qizib ketishi, izolyatsiyaning erishi va yong‘in xavfi keskin oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi savdo do‘konida sotilayotgan DANKOV rusumli antifriz bo‘yicha nazorat xaridi amalga oshirildi.
Mahsulot akkreditatsiyalangan laboratoriyada sinovdan o‘tkazilganda, uning normativ talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘ldi. Qoidalarga ko‘ra, antifrizning kristallanishi –35 °C yoki undan past haroratda boshlanishi lozim. Ammo, mahsulot 0 °C da muzlaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bunday sifatsiz antifriz issiqlik almashinuvini to‘liq ta’minlamaydi. Natijada dvigatel haddan tashqari qizib ketadi, radiator, nasos, trubkalar va dvigatel blokida zang hamda turli nosozliklar paydo bo‘lishi mumkin.
Bu esa avtomobilning umumiy xizmat muddatini keskin qisqartirib, jiddiy texnik shikastlarga olib keladi.
Shu bois, antifriz xarid qilayotganda uning yorlig‘i, ishlab chiqaruvchi mamlakati, texnik ko‘rsatkichlari va sertifikatlanganiga alohida e’tibor qaratish qat’iy tavsiya etiladi.
Hamroz Bayanov, O‘zA