Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiyasini tejash kiyinish uslubiga bog‘liqmi?
13:25 / 2023-05-15

Mamlakatimizda yoz oylari havo haroratining yuqori bo‘lishi odatiy holat. Ayni shunday issiq kunlarda konditsionerlar jonga oro kiradi. Biroq sovitkichlardan muntazam foydalanishning sog‘liqqa salbiy ta’siri ham bor.

O‘zbekiston bo‘yicha ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, binolardagi konditsionerlar haroratini 2 darajaga pasaytirish 293 million kilovatt soat elektr energiyasini tejash va SO2 ajralishini 155,8 ming tonnaga kamaytirish imkonini beradi.  

Xonalarni sovitish uchun sarflanayotgan energiya dunyoda iste’mol qilinayotgan elektr energiyasining 10 foizini, yillik issiqxona gazlari ajralishining salkam 4 foizi (1,950 million tonna) ni tashkil etadi.    

Konditsioner haroratini (sovitish tartibida) 1°S ga oshirish iste’mol qilinadigan elektr energiyasini 7 foizga tejaydi, yengil kiyim kiyish esa xonadagi ideal haroratni Selsiy shkalasi bo‘yicha 2 darajaga oshiradi.  

Shundan kelib chiqib, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari kiyinish uslubining xonalardagi sovitish tizimiga ta’sirini tahlil qildi. Bunda kostyum va galstuklar o‘rniga qulay kundalik kiyimga o‘tish ichki energiya iste’moliga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi, xarajatlarni kamaytirish va iqlim uchun foydali bo‘lishi mumkin ekan.  

MHTI katta ilmiy xodimi Abdusattor Abdumo‘minovning fikriga ko‘ra, qulay harorat oralig‘i 23,5°S dan (kostyumdagi ishchi uchun) 29°S gacha (yozgi kiyimdagi kishi uchun) tashkil qiladi. Ammo ko‘p hollarda termostat ko‘rsatkichi eng quyi chegaraga o‘rnatiladi va natijada ishchilarning katta qismi hatto yilning jazirama kunlarida ham issiq kiyim kiyadi.  

– Ba’zi mamlakatlarda kostyum va galstukli ishchilar uchun qulay harorat yaratish uchun konditsionerlardan foydalanmaslikka harakat qilinmoqda va qulay kundalik kiyimlar kiyish rag‘batlantirilayapti.  Masalan, Yaponiya hukumati tomonidan har yili o‘tkaziladigan “Cool Biz“ tadbiri orqali ofislarda ruxsat etilgan kiyinish uslubini o‘zgartirish rag‘batlantiriladi hamda energiyani tejashga erishiladi. Deylik, Janubiy Koreya ham 2006 yildan ”Cool Biz“ tadbirini tatbiq eta boshlagan bo‘lsa, BMT Bosh kotibi energiya sarfini kamaytirish va BMTning Nyu-Yorkdagi qarorgohining uglerod izini kamaytirishga qaratilgan ”Cool UN“ tashabbusi bilan chiqdi. Shanxaydagi 32 ta ofis binosida kostyum va galstuklar yengil kiyimlarga almashtirilgan hamda xonalardagi harorat ikki darajaga, ya’ni 26°S ga ko‘tarilgan. ”Mavsumga qarab kiyinish” ob-havo omilini inobatga olgan holda va qulaylik darajasidan kelib chiqib kiyinishni anglatadi. Bu nafaqat ichki energiya iste’molini qisqartiradi, balki xarajatlarni kamaytiradi va iqlim uchun ham foydali, – dedi A.Abdumo‘minov.  

 

Nasiba Ziyodullayeva,

O‘zA