"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyatining 2022 yildagi faoliyati yakunlari bo‘yicha Jamoatchilik kengashi yig‘ilishi va OAV vakillari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda"Issiqlik elektr stansiyalari" aksiyadorlik jamiyati va uning tizim korxonalari tomonidan elektr energiyasini ishlab chiqarish borasida o‘tgan yil ko‘satkichlari tahlil etildi.


Jamiyatning generatsiya bosh boshqarmasi bosh mutaxassisi Temur Abbasovning ma’lumot berishicha, 2022 yilda ishlab chiqarilgan elektr va issiqlik energiyasi hajmi 17,9 trillion so‘mni tashkil etib, reja ko‘rsatkichi 103,8 foizni tashkil qilgan. Bunda o‘tgan yil natijalariga ko‘ra, 55,5 milliard kilovatt soat elektr energiyasi va 5,35 million Gkall issiqlik energiyasi ishlab chaqarilib yagona energotizimga uzatilgan.
- Tarmoqni moliyaviy sog‘lomlashtirish, operatsion samaradorlikni oshirish, boshqaruv tizimini jahonda tan olingan tamoyillar asosida tashkil etish maqsadida “McKinsey&Company”, KPMG va Deloitte kabi xalqaro konsalting kompaniyalari jalb qilindi hamda o‘rganishlar natijasida bir qator tashabbuslar va rivojlanish strategiyasi ishlab chiqildi.

Shunga ko‘ra, iste’molchilarga barqaror energiya resurslarini yetkazib berish, elektr va issiqlik energiyasi narxining oshishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun yoqilg‘i sarfini kamaytirish, operatsion samaradorlikni ta’minlash, yuqori rivojlangan hamda energosamarador texnologiyalarni joriy etish natijasida 2022 yilda ishlab chiqarilgan mahsulot tannarxi 1,36 trillion so‘mga pasaytirildi. Belgilangan reja 118,3 foizga bajarildi.
Investitsiya dasturiga asosan 6 ta loyiha doirasida 256,3 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, belgilangan yillik reja 111,9 foizni tashkil etdi, -dedi T.Abbosov.
Tadbirda o‘tgan yil sarhisobi barobarida joriy yildagi ishlarga ham urg‘u berildi.
Jamiyatning xalqaro aloqalar va investitsiyalarni jalb qilish boshqarmasi bosh mutaxassisi Akmal Hamroyev aytib o‘tganidek,
Toshkent issiqlik elektr markazida umumiy qiymati 109,243 million AQSH dollariga teng investitsiya loyihasi doirasida 2024 yilga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilayotgan har birining quvvati 32 megvattli ikkita gaz turbinasi qurilmasini bunyod etish ishlari davom ettirilmoqda.

- Shuningdek, Turkiyaning “Çalik Enerji” kompaniyasi pudratchiligi asosida amalga oshirilayotgan loyiha 2024 yilning birinchi choragiga qadar ishga tushirilishi belgilangan. Ayni paytda qurilish maydonchasida jami 116 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Hozirda operatorlik binosining ikkinchi qavatida qurilish–montaj ishlarining oxirgi bosqichi yakunlanmoqda. Loyiha amalga oshirilishi natijasida, markaz tomonidan yiliga qo‘shimcha 515,6 million kVt•soat elektr va 690,3 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi, bunda yuqoritejamkor zamonaviy texnologiyalar evaziga yiliga 219 ming metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Atrof muhitga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalarning 200,5 tonnaga kamayishiga erishiladi. Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilmoqda. Korxonada shuningdek, Prezidentimiz tomonidan muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, o‘z ehtiyoji uchun zarur bo‘ladigan elektr energiyasini qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobidan qoplash bo‘yicha bergan qator topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, markazda quvvati 505,6 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda. Ayni kunlarda quyosh panellarini to‘liq o‘rnatish va montaj jarayoni yakunlanib, ishga tushirilishi bo‘yicha sinov-sozlash ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur stansiya foydalanishga topshirilgach, yiliga 1 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 100 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi,- dedi A.Hamroyev.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA