O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Elektr energiyasini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Elektr energiyasini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
elektr energiyasini hisobga olishda elektr energetikasi korxonalari va iste’molchilarning majburiyatlari va javobgarligini belgilash hamda ular o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish;
elektr energiyasini hisobga olish tizimlarini o‘rnatish hamda ulardan foydalanish, ma’lumotlarni almashish va qayta ishlash hamda ularga qo‘yiladigan umumiy va texnik talablarni o‘rnatish tartibi belgilab berilgan.
Nizom elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash, saqlash va iste’mol qilish jarayonlarida hisobga olish tizimiga qo‘yiladigan talablarni belgilaydi hamda elektr energiyasini hisobga olish, hisobga olish tizimini o‘rnatish va ekspluatatsiya qilish hamda ularni avtomatlashtirish, shuningdek, hisoblagichlar ma’lumotlarini almashish va ulardan foydalanishdagi munosabatlarni tartibga soladi.
Mazkur Nizom hisobga olish tizimidan shaffof foydalanish shartlarini belgilash orqali barcha elektr energetikasi korxonalari, loyihalashtirish tashkilotlari, uzatish hamda taqsimlash tizimlarining 6 kV va undan yuqori kuchlanishli tarmoqlariga ulangan foydalanuvchilari hamda vakolatli organlar uchun umumiy talablarni belgilaydi.
Maishiy va 0,4 kV kuchlanishli tarmoqlarga ulangan iste’molchilar uchun ushbu Nizom talablari tatbiq etilmaydi hamda tavsiyaviy xususiyatga ega hisoblanadi.
Hisobga olish tizimlari tijorat va texnik (nazorat) hisobga olish maqsadida o‘rnatiladi hamda ular joriy etilgan nuqtalarda elektr energiyasining tijorat va texnik hisobi yuritiladi.
Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
O‘zA