Energetika vazirligi axborot xizmatiga ko‘ra, joriy yilning yanvar — iyul oylari davomida 4 ming 986 nafar jismoniy shaxs o‘z xonadonidagi quyosh panellari orqali elektr energiyasi ishlab chiqarib, iste’moldan ortgan 4 million 815 ming 922 kilovatt soatlik qismini hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga sotgan.
Har bir kilovatt soat elektr energiyasi 1000 so‘mdan sotib olinadigan ushbu hajm jami 4 milliard 815 million 922 ming so‘mni tashkil qilgan. Ushbu tegishli summa Davlat soliq qo‘mitasining soliq mobil ilovasi orqali yuqoridagi fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib berilgan.
Birgina iyul oyida quyosh paneli o‘rnatib, undan ishlab chiqarilgan elektr energiyasining iste’moldan ortgan qismini davlatga sotgan 3 ming 759 ta xonadon egalariga 1 milliard 399 million 564 ming so‘m to‘lab berilgan.
Eslatib o‘tamiz, mazkur subsidiya mablag‘lari soliq organlari tomonidan har oyda soliq mobil ilovasi orqali hisobot oyidan keyingi oyning 25 sanasiga qadar (iyul oyining subsidiyasi 25 avgustgacha) fuqarolarning bank plastik kartalariga o‘tkazib beriladi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA