Yildan-yilga aholi sonining ortishi, turar joylar va ijtimoiy ob’ektlarning ko‘payishi energetika sohasini isloh qilib borishni taqozo etadi.
Bu borada 2020 yil 14 iyun kuni «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 10 iyul kuni «Iqtisodiyotning energiya samaradorligini oshirish va mavjud resurslarni jalb etish orqali iqtisodiyot tarmoqlarining yoqilg‘i-energetika mahsulotlariga qaramligini kamaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu qaror ijrosini ta’minlash maqsadida 2020-2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarining 25 ta yirik energiya sarflovchi korxonalarida 3,3 milliard kVt. soat elektr energiyasi, 2,6 milliard kub metr tabiiy gaz va 16,5 ming tonna neft mahsulotlarini tejash bo‘yicha choraklar kesimida chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

2020-2021 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida 2,4 milliard kVt. soat elektr energiyasi, 1,7 milliard kub metr tabiiy gaz va 11,3 ming tonna neft mahsulotlarini tejash belgilangan bo‘lsa, amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli 2,6 milliard kVt. soat elektr energiyasi, 2,9 milliard kub metr tabiiy gaz va 17,8 ming tonna neft mahsulotlari tejalishiga erishildi.
Ushbu raqamlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan eshituvda aytib o‘tildi. Unda energetika vaziri o‘rinbosari Sh.Xojayev «Energiyadan oqilona foydalanish to‘g‘risida»gi qonunning joylardagi ijrosi hamda «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturining 164-bandi ijrosi yuzasidan axborot berdi.
— Prezidentimizning 2022 yil 18 martdagi «2022–2026 yillarda «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bugungi kunda 1 164,9 km. taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari, 395 ta transformator punktlarini qurish va yangilash ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar esa 2 792,5 km. taqsimlovchi elektr uzatish tarmoqlari va 1 ming 110 ta transformator punktlari yangilanadi. Shuningdek, taqsimlovchi elektr tarmoqlarida texnologik yo‘qotishlarni 50 foizgacha 4 milliard kVt/soatga kamaytirish uchun Qibray tumanida sinov tariqasida loyiha ishga tushirilgan.
Ushbu loyiha doirasida tumandagi «Istiqlol» MFYda sinov tariqasida taqsimlovchi elektr tarmog‘ida quvvati 400 kVA bo‘lgan transformator punktini 7 ta transformator punktlariga almashtirish ko‘zda tutilgan. Hozirgi kunda loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilib, Qurilish vazirligi huzuridagi «Shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi» davlat unitar korxonasining Toshkent viloyati filiali tomonidan ijobiy xulosa olingan. Shuningdek, qurilishi rejalashtirilgan transformator punktlari ob’ekt hududiga olib kelinib, 150 ta tayanchdan 50 tasi o‘rnatilgan. Loyiha joriy yilning 20 avgustiga qadar ishga tushiriladi, — dedi vazir o‘rinbosari.

Axborotda keltirilganidek, respublikamizning magistral elektr tarmoqlarini rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida 101,4 km. uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari qurilib, 318 ta tayanchdan 190 tasi o‘rnatildi. Jizzax viloyatida 220 kVli «DNS» podstansiyasida ikkita 125 MVAlik avtotransformatori hamda Go‘zal PS OTQ-220 kVda ikkita yacheykaga kengaytirildi.
Muhokamalarda so‘z olgan deputatlar sohadagi amaliy ishlar bilan birga, mavjud muammolar ham borligiga e’tibor qaratdi.
M.Komilova, O‘zA