Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan respublika iste’molchilariga yetkazib berilgan elektr energiyasi sifatini talab darajasiga keltirish maqsadida tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Ko‘rilayotgan choralar doirasida amaldagi qoidalarga, tuzilgan shartnoma shartlariga rioya qilmagan holda energetika tizimiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, elektr energiyasidan foydalanib kelish holatlari aniqlandi.
Ushbu holatlarni bartaraf etish va tarmoqdagi asosiy yo‘qotishlarni kamaytirish maqsadida elektr energiyasidan nooqilona foydalangan, shu bilan birga to‘lovlarni vaqtida amalga oshirmagan iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berishni to‘xtatish choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan, elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilmasdan foydalangan Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritib kelayotgan “Agrotexservis” MCHJ, Namangan viloyatidagi “Aziya Karer Bizness” MCHJ, Sirdaryo viloyatidagi “Beton sanoat” MCHJlarning elektr qurilmalari tarmoqdan ajratildi.
Bu kabi tizimga salbiy ta’sir ko‘rsatish holatlarining eng ko‘pi Buxoro viloyatida 33 ta, Sirdaryo viloyatida 21 ta, Toshkent viloyatida 20 ta aniqlangan iste’molchiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rildi.
Ayni kunlarda nazorat tadbirlari davom etmoqda.
N.Ziyodullayeva tayyorladi,
O‘zA