Andijonda aholining elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Mutaxassislar tomonidan viloyatdagi 326 ta mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi 1 ming 287,8 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 332 dona transformator punktini qurish va ta’mirlash bo‘yicha 470 ta loyiha hujjati tayyorlandi. Ayni kunga qadar 332 ta loyihadagi 779,2 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 203 dona transformator punkti bo‘yicha ekspertiza xulosalari olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 2 apreldagi “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, joriy yilda viloyatdagi tanlab olingan 31 ta mahallada 1 ming 146,8 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortish, 306 dona transformator punkti o‘rnatish, mazkur ishlarni amalga oshirish uchun 161 milliard 128 million so‘m mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Dasturlar ijrosi doirasida o‘tgan davr mobaynida mahallalarga 2 ming 949 ta temir-beton ustun o‘rnatildi, 254,3 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i tortildi, 107 ta transformator punkti o‘rnatildi.
[gallery-2908]
Bundan tashqari, tuman va shaharlardagi 318 ta mahallada 508,2 kilometr uzunlikda elektr uzatish tarmog‘i hamda 135 ta transformator punktini qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Shundan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasida 131,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i tortilib, 51 dona transformator o‘rnatildi.
Tizimdagi qurilish ishlarini samarali olib borishda “Andijon XETK” AJ tasarrufida tashkil etilgan temir-beton ustun ishlab chiqarish zavodi mahsuloti juda qo‘l kelmoqda. Mazkur korxona yiliga 25 ming dona mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, hozirga qadar 3 ming donadan ziyod temir-beton ustun tayyorlanib, joylarga yetkazib berildi.
Hozirda viloyatda temir-beton ustunga bo‘lgan ehtiyojni to‘la qoplash maqsadida jamiyat rahbariyati qo‘shimcha qolip sotib olish va ishni ikki smenada tashkil etish choralarini ko‘rmoqda.
Yana bir muhim jihat, viloyatda travers mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilganligi ham ishimiz unumdorligini oshirmoqda. Travers ishlab chiqarish sexi tomonidan ehtiyojimiz uchun zarur bo‘lgan mahsulotlar uzluksiz yetkazib berilmoqda. Qolaversa, traversning viloyatning o‘zida ishlab chiqarilayotganligi ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olish, yo‘l xarajatlariga sarflanadigan mablag‘ni iqtisod qilish imkonini bermoqda. Travers mahsulotlarini ishlab chiqarish hisobiga jamiyatimiz yiliga qariyb 2,5 milliard so‘m daromad ko‘radi.
Bir so‘z bilan aytganda, viloyatda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi va aholi xonadonlari, ishlab chiqarish va ijtimoiy soha ob’ektlarini uzluksiz va sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlash borasidagi ishlar izchil va tizimli amalga oshirilmoqda. Ana shu ishlar natijasida elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar bartaraf etiladi, qolaversa, yurtdoshlarimizning turmush farovonligi yanada yuksaladi.
Shaxnoza Homidova,
“Andijon hududiy elektr tarmoqlari”
aksiyadorlik jamiyati umumiy masalalar bo‘yicha direktori.
O‘zA