Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘lmaydi
19:30 / 2023-10-20

Aholini elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning sifatini yanada yaxshilash borasida “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Andijon hududiy filiali tomonidan muayyan ishlar olib borilmoqda. Xususan, kuz-qish mavsumiga ham qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

– O‘tgan yili qish oyida yurtimizda hukm surgan anomal sovuq, qator hududlarda elektr ta’minotida yuzaga kelgan uzilishlar, nosozliklar bizga katta saboq bo‘ldi, – deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Andijon hududiy filiali rahbari Xurshidbek Yuldashev. – Shu bois ham bu yilgi kuz-qish mavsumiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Jumladan, joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyi davomida viloyatda 82,4 kilometr masofadagi yuqori kuchlanishli, 1 ming 882,6 kilometr masofadagi past kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i, 5 ta podstansiya hamda 789 dona transformator punkti mukammal ta’mirlandi. Asosiy maqsadimiz, kuz-qish mavsumida elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik. Bundan tashqari, viloyatda mavsumga tayyorgarlik doirasida 1 ming 531,7 kilometr yuqori kuchlanishli, 2 ming 435 kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i, 213 ta podstansiya, 1 ming 580 dona transformator punkti joriy ta’mirlandi, 3 ming 375 dona temir-beton ustunlar o‘rnatildi.

Shuningdek, 433 kilometr elektr uzatish tarmog‘i rekonstruksiya va modernizatsiya qilingan bo‘lsa, 154 ta yangi transformator punkti qurildi. Natijada viloyatdagi 145 ta mahallada iste’molchilarning elektr energiyasi ta’minoti yanada yaxshilandi. Filial tomonidan kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish, turli nosozliklar yuzaga kelgan taqdirda ularni zudlik bilan bartaraf etish maqsadida zarur jihoz va materiallar zaxirasi yaratildi.

Xususan, markaziy omborda xar xil quvvatdagi 12 ta, tuman va shaharlarda 2 tadan jami 32 dona transformator, 21 tonna transformator moyi, 15 tonna ochiq sim, 8 kilometr kabel, 100 dona temir-beton ustun, 10 dona kabel mufta, turli hajmdagi 943 dona izolyator, 151 dona avtomat, shuningdek, boshqa zarur jihozlar zaxira sifatida olib qo‘yildi. Viloyat bo‘yicha yuzaga keladigan avariya holatlarini tezkor bartaraf etish xizmatidagi 68 ta guruhning 286 nafar muhandis va texnik xodimlari maxsus issiq kiyimlar bilan ta’minlandi, 27 ta maxsus avtotransport vositasi texnik ko‘rikdan o‘tkazilib, kuz-qish mavsumi davrida barqaror ishlashga tayyorlanib, ular uchun zarur ehtiyot qismlar zaxirasi yaratildi. Yuqori yuklama holatida ishlab kelayotgan 110/35 kV kuchlanishli podstansiyalardagi 72 ta kuch transformatorlari yuklarini me’yorga keltirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda. Ana shu ishlar natijasida 18 ta transformatorning yuklamasi me’yorga keltirildi, 3 ta podstansiyada yuklamani me’yorlashtirish ishlari davom etmoqda.

[gallery-14134]

Viloyatda jami 135 ta 110-35 kVli podstansiyaning 52 tasidagi 72 dona transformator 2021-2022 yil kuz-qish mavsumida yuqori yuklamada ishlagan. Ulardagi yuqori yuklamani pasaytirish borasida olib borilgan ishlar natijasida ana shu podstansiyalar yuklamalari 40 foizgacha kamaytirildi. Oltinko‘l, Buloqboshi, Izboskan, Qo‘rg‘ontepa, Asaka, Andijon tuman va shahridagi bir qancha podstansiyalar yuklamalari me’yorlashtirildi. Andijon shahar Iqbol mahallasi hududida 110/6 kV quvvatli yangi podstansiya qurilmoqda. Ushbu podstansiyaning ishga tushirilishi bilan shahardagi “Andijon”, “Yayilma”, “Darxon” podstansiyalari yuklamasi me’yorlashtiriladi. Joriy yilning to‘qqiz oyi davomida hududlarda yuqoridagi kabi ishlarning amalga oshirilishi uchun qariyb 48,8 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Natijada 45 mingdan ortiq aholi xonadoni, 1 ming 500 ga yaqin ijtimoiy soha va ishlab chiqarish ob’ektlarida elektr energiyasi ta’minoti yaxshilandi.

Ayni kunlarda viloyatda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasidagi ishlar yakuniga yetkazilmoqda.

F.Ubaydullayev, 
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA