Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lmaydi
20:45 / 2023-10-07

Mamlakatimiz hududlari bo‘ylab kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari amalga oshirilmoqda. Mavsumni betalafot o‘tkazish maqsadida kommunal sohaga daxldor xizmatlarning ish sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilgan.

Buxoro viloyatida ham mavsumga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Jumladan, “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksionerlik jamiyati tomonidan viloyat aholisi va tadbirkorlik sub’ektlarini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

– Aholi soni o‘sishiga proporsional tarzda iste’mol hajmi oshib borayotgan faoliyatga doir statistik ma’lumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyat shahar va tumanlari miqyosida 18 ming 167 kilometr masofada tortilgan 0,4-110 kilovatt soatga teng kuchlanishdagi elektr uzatish tarmog‘i, 95 dona podstansiya hamda 6 ming 154 dona transformator punkti orqali 460 mingga yaqin aholi va ijtimoiy soha iste’molchilariga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda, –deydi “Buxoro hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ texnik direktori Zohir Rustamov. – Bevosita shu yilning o‘tgan davrida ta’minot korxonamizda amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalsak, umumiy uzunligi 2 ming 836 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i joriy ta’mirlashdan chiqarilgan bo‘lib, shu barobarida 820 dona transformator punkti, 5 dona 35-110 kilovatt soat kuchlanishdagi elektr transformatori mukammal ta’mirdan chiqarilgan. Mahalla va chekka qishloqlarda eskirib yaroqsiz holga kelgan umumiy uzunligi 6 ming 103 kilometrga teng elektr uzatish liniyasi va shu hududdagi 1 ming 937 dona transformator punktida joriy ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan. Bundan tashqari, iste’molchi soni oshgani bois yuklama bilan ishlayotgan 14 ta podstansiyadagi elektr transformatori yuqori quvvatlisiga almashtirilgan. 

Endi oldimizda turgan muhim sinov davri — qishga tayyorgarlik xususida to‘xtalsak, korxona jamoasi tomonidan tizimda qayd qilinishi mumkin bo‘lgan avariya holatlarini bartaraf etish maqsadida 100 dona turli quvvatdagi transformator, shuningdek, transformator moyi, temir-beton tayanch ustuni, sim, uzunlikdagi kabel elektr uzatish tarmog‘i, kabel muftalari, turli xil quvvatdagi avtomatlar va himoya vositalari zaxira sifatida yaratilgan.

– Bu borada viloyat hokimligi sa’y-harakati bilan 2023-2024 yil kuz-qish mavsumi uchun mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgani holda 49 ta transformator, 6 kilometr masofaga elektr kabel tarmog‘i va 4 dona 6-10 kilovatt soat kuchlanishli “yacheyka” zaxira qilingan, – deydi AJ texnik direktori Zohir Rustamov. – Bundan tashqari, 12 kilometr uzunlikdagi kabel, 6,7 tonna miqdorida ochiq sim, 106 ta transformator va buning uchun 9,6 tonna miqdorida transformator moyi, qolaversa, 500 dona temir-beton tayanch ustuni taxt qilingan. 

Shu bilan cheklanib qolinmasdan, kunlik quvvati 63 taga teng temir-beton tayanch ustuni ishlab chiqarish hamda kuniga o‘rtacha 2 ta transformatorni ta’mirlash sexlari ishga tushirilgan. Tarmoqda kuzatiladigan uzilish va boshqa muammolarni joyida hal qilish maqsadida ayni kunda viloyatning har bir shahar va tuman elektr tarmoqlari idorasida jami 13 ta tezkor brigada tashkil qilinib, ularga 65 nafar malakali ishchi-mutaxassis jalb qilinmoqda. Xuddi shunday, joylarda o‘ttizga yaqin maxsus texnika va 70 ta transport vositasiga ega jami shakllantirilgan 67 ta brigada va ularga biriktirilgan 367 nafar ishchi-xodim elektr ta’minoti tizimida band bo‘lmoqda.

Ta’kidlash joizki, kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish va tizimda zarur elektr qurilmalari zaxirasini yaratish maqsadida viloyatda olib borilgan o‘rganishlar natijasida shahar va tumanlardagi mahallalarning 137 tasida elektr ta’minotiga daxldor nuqson va muammo mavjudligi ayon bo‘lgan. Shundan so‘ng, o‘tgan oylarda og‘ir sharoitdagi aholi maskanlarida 59,2 kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i yangidan barpo qilinib, 47 dona transformator punkti o‘rnatilgani holda yana 100 dona transformator qayta ta’mirlanib, quvvati oshirilgan.

Masalan, aholisi nisbatan ko‘p va zich joylashgan G‘ijduvon tumanidagi mahallalardan 21 tasidagi mavjud nuqson va kamchiliklarni bartaraf etishga kirishildi. Shundan 13 ta mahalladagi elektr transformatori quvvati oshirilgan va 7 ta transformator yangidan o‘rnatilgan. Shuningdek, 8 ta mahallada 9,3 kilometr uzunlikdagi tarmoq yangilangani holda “SIP” kabeli tortilgan. 

Xuddi shunday, Jondor tumanida 13 ta, Olot tumanida 11 ta mahallada keng qamrovdagi ta’mirlash-tiklash ishlari olib borildi. Ikki hududda umumiy uzunligi qariyb 7 ming metr masofaga tarmoq kabeli tortilgan. Jondorda 3 ta va Olotda 2 ta elektr transformatori yangidan o‘rnatilgan va jami 19 ta mahalladagi xuddi shuncha transformator qayta ta’mirlanib, elektr quvvati oshirilgan. 

Kezi kelganda ta’kidlash joizki, sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbir samarasi o‘laroq, elektr energiyasi behuda sarfini, isrofgarchiliklarni bartaraf etish, energiya iste’molini iqtisod qilishga ham alohida e’tibor kuchaytirilgan. Shu nuqtai nazardan, viloyat miqyosida joriy yil aprelidan sentyabr oyiga qadar iqtisod qilingan elektr energiyasi miqdori 131,9 million kilovatt soatga teng. Transformator va tarmoqlarni ta’mirlash hisobiga yo‘qotishlarni qisqartirish miqdori 30,5 million kilovatt soatga teng bo‘ldi. Zamonaviy ilg‘or va tejamkor texnologiyalarni keng qo‘llash natijasida 74,2 million kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinayotgan bo‘lsa, joylarda ommaviy tus olayotgan quyosh panellarini o‘rnatish va geleokollektorlarni o‘rnatish hisobidan 14,8 million kilovatt soat elektr energiyasi tejab qolinmoqda. 

[gallery-13905]

Bu ko‘rsatkich aholi iste’molchilari hisobiga o‘rganilganda 13,1 million kilovatt soatni tashkil etmoqda. Albatta, kelgusida yuqoridagi kabi manbalar hisobidan elektr energiyasi iste’molini iqtisod qilish ko‘rsatkichlari muttasil oshirib boriladi. Chunonchi, 2024 yil yanvar-aprel oylari davomida birgina aholi iste’molchilari hisobidan tejaladigan me’yoriy elektr energiyasi hajmini 35 million kilovatt soatgacha oshirish, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha inshootlarida quyosh paneli va geliokollektor texnologiyalarini o‘rnatish hisobidan umumiy 33,8 million kilovatt soat elektr manbaini iqtisod qilish ko‘zda tutilgan.

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA