Jizzax viloyati qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga qilgan murojaatnomasi hamda 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati yuzasidan davra suhbati, uchrashuv va ma’ruzalar o‘tkazilmoqda.
Shunday uchrashuvlardan biri G‘allaorol tuman prokurori, 2-sektor rahbari S.Razzoqov va mutasaddi idora vakillari hamkorligida tumandagi “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Yangiqo‘rg‘on” qishlog‘i aholisi bilan bo‘lib o‘tdi.
Unda respublikamizda barpo etiladigan quyosh va shamol elektr stansiyalari hisobiga qo‘shimcha elektr ishlab chiqarish orqali xonadonlarga beriladigan elektr energiyasini ko‘paytirish, kelasi uch yilda barcha davlat tashkilotlarida quyosh panellari va issiq suv kollektorlari o‘rnatish, aholi xonadonlarida quyosh paneli o‘rnatishga ajratiladigan subsidiyalar hajmini 2 barobarga ko‘paytirish, energiyaning qadriga yetish va uni tejash har bir fuqaroning burchi ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir davomida mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, keng qamrovli islohotlar natijadorligi, qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari o‘rnatganlik uchun beriladigan kompensatsiya va subsidiyalar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA