Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiyasi ishlab chiqariladi
11:42 / 2026-02-09

Qoraqalpog‘iston Respublikasida ekologik barqarorlikni ta’minlash va energetika sohasini rivojlantirishga qaratilgan muhim loyiha amalga oshirilmoqda.

Bojxona qo‘mitasi mas’ullari tomonidan hududda qattiq maishiy chiqindilarni termik qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida o‘rganish ishlari olib borildi.

Yaqinda Nukus tumanida tamal toshi qo‘yilgan chiqindilarni qayta ishlash orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish loyihasi xorijiy investitsiyalar asosida amalga oshirilib, u Beijing China Sciences Runyu Environmental Technology (CSET) bilan hamkorlikda yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyiha chiqindilarni zamonaviy texnologiyalar asosida yoqish orqali qayta ishlash va elektr energiyasiga aylantirishni nazarda tutadi.

Ushbu investitsiya loyihasi qiymati 80 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyiha doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida hosil bo‘ladigan kunlik 750 tonna, yillik 274 ming tonna chiqindi qayta ishlanib, natijada yiliga 80 ming MVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi va 80 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi natijasida Orolbo‘yi hududidagi chiqindi poligonlari soni 50 foizga qisqaradi. Shuningdek, ushbu zavod atrofida joylashgan korxona va tashkilotlar elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlanadi.

Loyihani amalga oshirish ishlari joriy yilning fevral oyida boshlanib, 2028 yilda to‘liq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Ushbu tashabbus atrof-muhitni muhofaza qilish, chiqindilarni samarali boshqarish va aholini barqaror elektr energiyasi bilan ta’minlash orqali hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri