French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiyasi – har bir oila uchun zarur hayotiy ehtiyoj
15:53 / 2025-12-24

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga iste’molchilardan chiqindi olib ketish xizmatlaridan noreal qarzdorlik tufayli elektr to‘loviga cheklov qo‘yilganidan norozi bo‘lib murojaatlar kelib tushmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 65-moddasiga muvofiq, davlat bozor munosabatlarini rivojlantirish va halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratadi, iste’molchilarning huquqlari ustuvorligini hisobga olgan holda iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini kafolatlaydi.

Ma’lumki, sanitar tozalash va chiqindilarni tashish xizmatlarini ko‘rsatganlik uchun to‘lovlardan qarzdorlarga elektr energiyasi iste’moli uchun to‘lovlarni to‘lashda cheklov o‘rnatilishi 2025 yil 1 avgustdan boshlangan.

O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasiga muvofiq, sotuvchi (ijrochi) ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emas.

Hududlarda xususiy sherik sifatida tanlangan ayrim korxonalar tomonidan ko‘rsatilayotgan chiqindi yig‘ish xizmatlari sifati o‘ta pastligi, iste’molchilarga ortiqcha va asossiz qarzdorliklar hisoblanayotgani, aholi bilan shartnomalar haligacha to‘liq tuzilmaganini hisobga olgan holda, yangidan inventarizatsiya (monitoring) o‘tkazilishi maqsadga muvofiq.

Shuningdek, hududlar bo‘yicha qarzdor abonentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni “Toza makon” billing elektron tizimidan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning billing tizimiga uzatilishida iste’molchilar bilan shartnoma imzolangani va qarzdorlik haqidagi ma’lumotlarning aniqligi (shaffofligi)ni hisobga olish asosiy mezon bo‘lishi lozim.

Iste’molchilarning sudlarga murojaat qilishi qonuniyligini kafolatlash maqsadida, sanitar tozalash va chiqindilarni tashish xizmatlari ko‘rsatganlik uchun to‘lovlar jon boshiga hisoblanishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda abonentlarning yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish ustida olib borilayotgan ishlarni qisqa fursatlarda yakunlash hamda har bir abonent (mijoz) bilan qonunchilikda belgilangan tartibda alohida (manzilli) shartnoma imzolanishini tashkil etishga chaqiramiz.

Elektr energiyasi – har bir oila uchun zarur hayotiy ehtiyoj bo‘lgani sababli, mutasaddilardan elektr energiyasi yetkazib berishga qo‘yilgan cheklovni vaqtincha to‘xtatib turishni so‘raymiz.

O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini

himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi.