Elektr energiya tejamkorligi – kelajak uchun imkoniyat
2019-yil 22-avgustda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Qaror va ijro
2019-yil 22-avgustda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning energiya samaradorligini oshirish, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishning tezkor chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Mazkur hujjatda iqtisodiyot tarmoqlari va maishiy soha obyektlarida energiya samaradorligiga erishish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari texnologiyalarini keng joriy etishning qator chora-tadbirlari belgilab berilgan. Unga koʻra, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanilganda imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilishi, issiq suv taʼminoti uchun sertifikatlangan quyosh suv isitgichlaridan foydalanish, shu bilan birga, bino va inshootlarni loyihalash, taʼmirlash va qurishda energiya tejovchi lampalardan foydalanishning majburiyligi talab etiladi.
“Oʻzbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyatida oʻtkazilgan seminar ayni hujjatning mazmun-mohiyati hamda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligiga erishish, energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar tahliliga bagʻishlandi.
Bugungi kunda mamlakatimiz sanoat korxonalarida energiya samaradorligiga erishish istiqbollari, energiya resurslaridan tejamkorlik bilan foydalanish muhim masalalardan biriga aylanmoqda. Shu sababli, ishlab chiqarishda energiya samaradorligini oshirish uchun har bir mahsulot birligiga sarflanadigan yoqilgʻi-energiya resurslarini sezilarli tarzda kamaytirishga erishish hamda sanoat korxonalari va ijtimoiy soha obyektlari binolariga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatish samarali choralar hisoblanadi.
– Biroq buning uchun bir qator tashkiliy-texnik chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq, – dedi Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi huzuridagi “Oʻzenergoinspeksiya” boshqarma boshligʻi Alisher Toʻrayev. – Masalan, agar elektr dvigatellar 40 foizga yaqin elektr energiya sarflayotgan boʻlsa, ularni almashtirish kerak. Albatta, bu jarayonda ham pishiq-puxta hisob-kitoblar zarur boʻladi. Shu maʼnoda, Prezident qarorida koʻrsatilganidek, biz 3 yil ichida 2,4 milliard kVt elektr energiyasi, 20 ming tonna neft mahsulotlari va 2,4 milliard kub metr tabiiy gazni tejashga erishishimiz kerak. Bu natijaga erishish uchun, birinchi navbatda, xoʻjalik va davlat subyektlarida qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etishimiz zarur. Bular qimmatbaho uskunalardir. Ammo biz ushbu usul bilan milliy yoqilgʻi-energiya resurslarini tejashga erishishimiz mumkin.
Tadbirda mavzu doirasida fikr-mulohazalar bildirildi, savollarga javob berildi.
