Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elektr energiya ta’minotida nima uchun tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda?
21:24 / 2023-06-15

Qaror va ijro

Keyingi bir oy ichida Toshkent shahri tumanlarida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.  Ob-havoning keskin isib ketishi va bu paytda tez-tez ta’minotdagi uzilishlar iste’molchilar uchun noqulayliklar tug‘dirayotganini alohida ta’kidlash lozim.

O‘zA muxbirining “Hududiy elektr tarmoqlari”  aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi – axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi Faxriddin NURALIEV  bilan suhbati aynan shu haqda bo‘ldi.

– Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida  tez-tez uzilishlar kuzatilmoqda.  Bunga asosiy sabab nima?

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 martda “Toshkent shahri iste’molchilarini energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash  chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, ayni kunlarda “Hududiy elektr tarmoqlari”  aksiyadorlik jamiyati tomonidan Toshkent shahri aholisini barqaror  elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida past kuchlanishli elektr tarmoqlari, transformator punktlarini yangilash va modernizatsiya ishlari amalga oshirilmoqda.

Ta’kidlaganingizdek, so‘nggi kunlarda Toshkent shahrida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar bo‘layapti. 14 iyun kuni ham telegramm kanalimizda poytaxdagi to‘rtta tumanning ayrim hududlarida elektr ta’minoti vaqtincha to‘xtatilishi haqida iste’molchilarni ogohlantirish maqsadida xabar berdik.

Buning sabablariga to‘xtaladigan bo‘lsak, avvalo, Prezidentimizning mazkur qarori asosida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash bo‘lsa, ikkinchidan, bu boradagi ishlarni xavfsiz bajarish, ya’ni tezkor brigadalar, qolaversa, ishchi-xodimlarimiz ishlayotgan paytda ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida hududlarda elektr tarmoqlarini rejaviy o‘chirishga majburmiz. Amalga oshirilayotgan ishlarni iste’molchilarimiz poytaxtimizning ko‘pgina joylarida yerlar kavlanib, kabellar o‘tkazilayotganidan ham anglayotgan bo‘lsa kerak.

– Bunday yuqori harorat kuzatilayotgan paytda modernizatsiya ishlarini bajarish qanchalik to‘g‘ri?

– Darhaqiqat, bu kabi anomal issiq ob-havo sharoitida elektr energiyasiga talab ortadi, chunki ijtimoiy ob’ektlardan tortib aholi xonadonlari, qolaversa,  tashkilot va idoralarda sovitish tizimlari to‘xtovsiz ishlab turishi muhim. Biroq yuqorida ta’kidlanganidek, qaror ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash, joriy kuz-qish mavsumiga ko‘ngildagidek taraddud ko‘rish muhim masala hisoblanib, bunda har bir kun g‘animat ekanligini unutmasligimiz kerak. Shu bois, ayni issiq kunlarda ham xodimlarimiz kechayu kunduz mehnat faoliyatini olib bormoqda. Misol tariqasida aytadigan bo‘lsak, 14 iyun kuni poytaxtimizdagi “Xadra” podstansiyasi tungi vaqtda, ya’ni soat 01:00 dan soat 03:00 gacha o‘chirilib, aholining ushbu vaqt oralig‘ida elektr energiyasi manbasiga ehtiyoji kamayishini hisobga olgan holda modernizatsiya ishlarini bajarishga muvaffaq bo‘ldik.

Ta’kidlash joizki, Prezidentimiz qaroriga asosan Toshkent shahrida joriy yilda 903 kilometr uzunlikdagi past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda 228 ta transformator punktini yangilash va modernizatsiya ishlari belgilangan. Shu kunga qadar poytaxtimizda 903 kilometrdan ortiq masofadagi elektr uzatish tarmoqlari yangilandi. 

Shuningdek, Toshkent shahrida ortiqcha yuklama bilan ishlayotgan Yunusobod tumanidagi “Yunusobod”, Olmazor tumanidagi “Sag‘bon”, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Botanika”, Mirobod tumanidagi “Qo‘qon” podstansiyalarida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda. Mazkur podstansiyalardagi mavjud kuch transformatorlari yuqori quvvatlisiga almashtirilishi hisobiga 179 megavatt qo‘shimcha quvvat yaratilishi va natijada qariyb 20-22 ming aholi va yuridik iste’molchilarning elektr energiyasi yaxshilanishiga erishiladi.

– Prezidentimiz qarori asosida amalga oshirilayotgan modernizatsiya ishlari qachon yakuniga yetkaziladi? 

– Aslida ham iste’molchilarning talabi shu. Negaki, barqaror energiya bugun har kungidan ham zarur. Mazkur qaror bo‘yicha barcha belgilangan kilometrlarda ishlar bajarildi. Tranformatorlar yangilanib, montaj ishlari olib borilmoqda. Tez kunlarda bu ishlar o‘z yakuniga yetkaziladi.  

Qo‘shimcha tarzda shuni aytish kerakki,  Toshkent shahrida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida kapital ta’mirlash ishlari ham amalga oshiriladi va joriy yilning 1 avgustiga qadar bajariladi.

– Modernizatsiya jarayonlarida yo‘llar va yo‘laklarda qazish ishlari ham olib borilgan. Barcha ishlar yakunida yo‘llar va yo‘laklar ta’miri qaysi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi?

– To‘g‘ri, keyingi paytlarda bu haqda murojaatlar kelib tushmoqda. Yo‘llar va yo‘laklardagi qazish ishlari fuqarolarga ham, avtomobillarning harakatlanishi uchun ham noqulayliklar tug‘dirmoqda. Biroq bu ishlar loyiha asosida tashkil etilyapti.

Shu sababli, barcha ishlar to‘liq yakunlangandan so‘ng “Hududiy elektr tarmoqlari”  aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda yo‘llar va yo‘laklar avvalgi holatiga keltiriladi.

Yuqoridagi ishlarni o‘z vaqtida va sifatli yakunlash maqsadida Toshkent shahrining ba’zi mahalla va ko‘chalaridagi iste’molchilarni turli vaqt oralig‘ida elektr energiyasi ta’minotidan vaqtincha ajratishga to‘g‘ri kelmoqda. Shu o‘rinda vujudga kelayotgan bu kabi vaqtinchalik noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz.

       O‘zA muxbiri

Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.