“Elegant garment textile” korxonasida 1 ming 200 ish oʻrni yaratiladi
Bugungi kunda tadbirkorlik va investitsiya salohiyatini yana-da yuksaltirish borasida davlatimiz tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmon va ijro
Bugungi kunda tadbirkorlik va investitsiya salohiyatini yana-da yuksaltirish borasida davlatimiz tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Prezidentimizning 2020-yil 5-maydagi “Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hozirgi pandemiya sababli yurtimizda kuzatilyotgan iqtisodiy sharoitning barqarorligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Unga koʻra, toʻqimachilik va tikuv-trikotaj sanoatidagi import qilinadigan xomashyo va materiallar 2022-yil 1-yanvarga qadar bojxona boji toʻlashdan ozod qilinishi belgilandi. Karantin chora-tadbirlari yumshatilayotgan davlatlardagi hamkorlar bilan yangi shartnomalar tuzishga har tomonlama yordam koʻrsatiladi. Natijada eksportga yoʻnaltirilgan tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlariga ixtisoslashgan jahon brendlari vakillari bilan mamlakatimizda ishlab chiqarishni tashkil etish va tayyor mahsulotlarni, shu jumladan, respublikaning ishlab turgan korxonalari quvvatlarida tikish boʻyicha yirik buyurtmalarni shakllantirish yuzasidan muzokaralar oʻtkazish taklifi berildi.
Ushbu farmonda koʻrsatilgan imtiyozlardan ruhlangan Toshkent viloyati Olmaliq shahridagi “ELEGANT GARMENT TEXTILE” masʼuliyati cheklangan jamiyati bugungi kunda keng qamrovli ishlarni yoʻlga qoʻygan. Hududda faoliyatini boshlaganiga koʻp boʻlmagan korxonada hozirgi kunda 400 ga yaqin ishchi-xodim mehnat qilmoqda.
– Korxonamiz trikotaj mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yetakchi korxonalardan biri boʻlib, oʻz faoliyatini 2016-yil Toshkent shahrida boshlagan, – deydi korxona rahbari Nargiza Bekmurodova. – Yagona taʼsischisi turkiyalik investor hisoblanadi. Korxonamiz zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan boʻlib, ISO, Oekotex-100, BSCI, SEDEX kabi sertifikatlarga ega. Yillik ishlab chiqarish hajmi 6-8 million dona trikotaj mahsulotining deyarli 99 foizi Rossiya va MDH davlatlariga eksport qilinadi. Asosan 4 yoshdan yuqori bolalar, ayollar va erkaklar uchun kiyim-kechaklar ishlab chiqariladi.
Joriy yil yanvar oyidan Olmaliq shahridagi sobiq “Chevar tekstil” korxonasi oʻrnida oʻz faoliyatini boshlagan mazkur korxona rahbarining taʼkidlashicha, bugungi kunga kelib trikotaj mahsulotlariga talab oshib borayotgani bois, ishlab chiqarish quvvati kengaytirildi.
Hozirgi kunda korxona ishchi-xodimlari Ohangaron, Piskent, Boʻka, Nurafshon va boshqa tuman, shaharlardan qatnab ishlamoqda. Korxonada ishchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ularning oylik maoshi oʻrtacha 750 ming soʻmdan 1 million 200 ming soʻmgacha boʻlib, xodimlarning ishga kelib-ketishi va tushlik korxona hisobidan qoplanmoqda.
Respublikamizda karantin eʼlon qilinganidan soʻng korxona ham vaqtincha faoliyatini toʻxtatgan edi. Ammo korxona mahsulotlariga talab koʻpligi bois, shahar hokimligi yordami bilan ishchilar qayta ishga jalb qilinib, sinovli damlarda ham karantin qoidalariga qatʼiy rioya qilgan holda davom ettirib kelmoqda. Jumladan, shahar davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlari tomonidan korxona hamda ishchi-xodimlarni tashuvchi avtobuslar muntazam ravishda dezinfeksiya qilinmoqda. Shu bilan birga, ishxonaga kirib chiqish nazorat postida har bir xodimning tana harorati oʻlchanib, xodimlar korxona tomonidan niqob va himoya vositalari bilan taʼminlangan.
Korxonada ishlab chiqarish bilan birga rekonstruksiya ishlari ham olib borilmoqda. Joriy yil sentyabr oyida korxonaning qolgan 70 foizi toʻliq taʼmirdan chiqarilib, 1 ming 200 ishchi-xodimga moʻljallangan ish oʻrni yaratilishi reja qilingan.
Oʻtgan 2019-yilda korxona 11 million dollarlik mahsulot eksport qilgan. Joriy yilda bu koʻrsatkichni yana-da oshirish rejalashtirilmoqda.