Germaniyada davom etayotgan XXXII Butunjahon yozgi Universiada o‘yinlarining beshinchi kungi bahslari suzuvchi va taekvondochilarimiz uchun muvaffaqiyatli yakunlandi.
Taekvondo WT bo‘yicha 87 kilogrammdan ortiq vazndagi janglarda hamyurtimiz Marat Mavlonov kumush, Najmiddin Qosimhojiyev esa 74 kilogrammgacha vaznda bronza medalini qo‘lga kiritdi. Natijada O‘zbekiston delegatsiyasining medallari soni 2 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza, jami 9 taga yetdi.

Eldorbek Usmonov 100 metrga batterflyay usulida suzishning yarim final bahslarida 52.30 soniya natija qayd etgan holda final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu natija orqali O‘zbekistonning mazkur masofadagi yangi rekordini o‘rnatdi. Endi Eldorbek 22 iyul kuni mazkur yo‘nalishda medallar uchun bahs olib boradi.

Ma’lumot o‘rnida E.Usmonov “Universiada-2025” o‘yinlarining 50 metrga batterflyay usulida suzishda 23.31 soniya natija bilan bronza medaliga sazovor bo‘lgan edi. Darvoqe, ushbu natija ham mamlakatimizning yangi rekordiga aylangan edi.

Bugun, 22 iyul kuni sportchilarimiz suzish, stol tennisi, taekvondo WT va kamondan otish yo‘nalishlarida o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazadi.
Ma’lumot o‘rnida: “Universiada-2025” musobaqasining o‘tgan to‘rt kuni yakuniga ko‘ra, AQSH delegatsiyasi 17 ta oltin, 9 ta kumush, 17 ta bronza medal jamg‘arib, umumjamoa hisobida birinchi bo‘lib turibdi. Xitoylik talabalar esa jami 10 ta oltin, 13 ta kumush va 3 ta bronza medal to‘plagan bo‘lsa, Janubiy Koreya 10 ta oltin, 5 kumush va 11 ta bronza bilan kuchli uchlikdan joy olgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA