Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eldor Tulyakov: bugun demokratik qadriyatlarni yanada mustahkamlaydigan siyosiy jarayonga guvohmiz
14:35 / 2024-10-27

Demokratik jamiyatda fuqarolarning davlat boshqaruvidagi ishtiroki alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, xalqning fikrlarini o‘rganish, ular bilan maslahatlashish muhim.

Ayniqsa, qonunlar qabul qilish va muhim tashabbuslarni ilgari surish jarayonlarida aholining faol ishtiroki taraqqiyotga xizmat qilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovi qizg‘in pallaga kirdi. Mavzu yuzasidan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning fikrlari bilan qiziqdik.

– Saylovlar xalqning davlat boshqaruvidagi ishtiroki ta’minlanadigan asosiy mexanizmlardan biridir, – deydi E.Tulyakov. – Saylov orqali fuqarolar o‘z fikrlarini erkin ifoda etish, konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Demokratiyaning asosiy talablaridan biri ham aynan saylovlardagi fuqarolar ishtiroki bo‘lib, ular orqali mamlakatning kelajagini belgilaydigan shaxslarni tanlash imkoniyati tug‘iladi.

So‘nggi Konstitutsiyaviy islohotlar natijasida deputatlik maqomi, vakolatlari va ta’sir doirasi oshirildi, bu esa deputatlikka saylanishni yanada jozibador qildi. Shuningdek, joriy etilgan aralash saylov tizimi partiyalar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirib, demokratiya asoslarini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bu tizim har bir partiyaning turli qatlamlar manfaatlarini ifodalaydigan nomzodlarni ilgari surishiga yordam beradi.

Inklyuzivlik orqali jamiyatning keng qatlamlarini qamrab olish va ularning manfaatlarini himoya qilishga erishiladi. Bunday jarayonlar demokratik jamiyat qurish va aholi manfaatlarini ta’minlashda muhim o‘rin tutadi.

2024 yilgi saylovlar O‘zbekiston uchun demokratik yutuqlarni mustahkamlash, siyosiy tizimni modernizatsiya qilish va barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan yangi qadamdir. Ushbu saylovlar mamlakatimizda demokratik qadriyatlarni yanada mustahkamlab, O‘zbekistonning kelgusi taraqqiyotiga keng yo‘l ochishi kutilmoqda. Shu bois, barchamiz saylovlarda faol ishtirok etib, o‘zimiz ma’qul ko‘rgan nomzodga ovoz berishimiz lozim.

O‘zA muxbiri

Abdulaziz RUSTAMOV

yozib oldi.