Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev Turkiya maydonlarini “yondirmoqda”
10:26 / 2025-11-30

Futbol bo‘yicha Turkiya chempionatining 14-turida “Istanbul Bashakshehir” safarda “Kasimpasha” jamoasi mehmoni bo‘lib, 3:1 hisobida zafar quchdi.

Ushbu o‘yinning biz uchun ahamiyatlisi, mazkur bahsda O‘zbekiston milliy terma jamoasining ikki yetakchi futbolchisi – Eldor Shomurodov va Abbosbek Fayzullayev boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi va o‘z hisobiga bittadan gol yozdirib qo‘ydi.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Abbosbek Fayzullayev “Kasimpasha”ga qarshi o‘yinning 26-daqiqasida jarima maydonchasi tashqarisidan belgilangan jarima to‘pini muvaffaqiyatli bajardi va raqib darvozasiga to‘pni joylab qo‘ygan holda hisobni ochdi. Bahsning birinchi bo‘limi yakunlanish arafasida “Istanbul Bashakshehir”ning ikkinchi goliga Amin Aritning mualliflik qildi.

Ikkinchi bo‘limning 79-daqiqasida Adam Arus mezbonlarning yagona goliga mualliflik qilgan holda hisobni biroz qisqartirdi. Biroq uchrashuvning so‘nggi daqiqalarida Eldor Shomurodov katta sahnaga chiqdi va 90+7-daqiqada raqib darvozasini ishg‘ol qilgan holda jamoasining 3:1 hisobidagi muvaffaqiyatini ta’minladi. 

Darvoqe, Eldor Shomurodov so‘nggi beshta o‘yinda gol urmoqda va buning natijasida umumiy gollari sonini 10 taga yetkazib oldi.

“Istanbul Bashakshehir” endi navbatdagi turda chempionatning eng kuchli klublaridan hisoblangan “Fenerbahche” bilan o‘z maydonida o‘ynaydi. Bu uchrashuv 7 dekabrga belgilangan. 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA