Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida to‘purarlar orasida yaqqol peshqadamga aylandi
10:39 / 2025-12-23

Turkiya Superligasining 17-turi doirasida “Istanbul Bashakshehir” o‘z maydonida “Gaziantep” jamoasini qabul qildi. Uchrashuv mezbonlar uchun muvaffaqiyatli yakunlanib, istanbulliklar raqibini 5:1 hisobida mag‘lub etdi.

Bellashuvning 21-daqiqasida O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodov aniq zarba bilan hisobni ochdi. Oradan besh daqiqa o‘tib, mehmonlar safida Drissa Kamara hisobni tenglashtirishga erishdi. Biroq “Gaziantep” futbolchilarining quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi.

29-daqiqada Abbosbek Fayzullayev o‘z mahoratini namoyon etdi. Himoyachilardan chaqqon harakat qilgan hujumkor futbolchimiz to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelib, murakkab vaziyatda aniq zarba yo‘lladi va jamoasini yana oldinga olib chiqdi.

Ikkinchi bo‘limda ham “Istanbul Bashakshehir” ustunligi saqlanib qoldi. “Gaziantep” himoyachisi Arda Kizildag‘ mezbonlar hujumini qaytarish chog‘ida to‘pni o‘z darvozasiga kiritib qo‘ydi. Oradan o‘n besh daqiqa o‘tib esa Eldor Shomurodovning aniq uzatmasidan keyin Umut Gyunesh gol urib, hisobni yiriklashtirdi. Uchrashuvdagi so‘nggi gol Ivan Brnich hisobiga yozildi — 5:1.

Ushbu g‘alabadan keyin Nuri Shahin shogirdlari ochkolari sonini 23 taga yetkazib, o‘zidan yuqorida turgan “Gaziantep” va “Kojaelispor” jamoalari bilan tenglashdi. To‘plar nisbatiga ko‘ra, “Istanbul Bashakshehir” yettinchi o‘ringa ko‘tarildi va mavsumning ikkinchi yarmida Yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun kurash olib borish imkoniyatini saqlab qoldi.

Quvonarlisi, Eldor Shomurodov Superligadagi to‘purarlar poygasida 12 ta gol bilan yaqqol peshqadamga aylandi. Uning asosiy raqibi Pol Onuachu hisobida 11 ta gol mavjud bo‘lib, “Trabzonspor” hujumchisi Nigeriya terma jamoasi yig‘ini sabab so‘nggi turlarda maydonga tushmadi.

Shu tariqa, Eldor Shomurodov Turkiya chempionatining birinchi qismini eng yaxshi to‘purar sifatida yakunladi. “Oltin butsa” sovrini uchun kurashda “Galatasaroy” futbolchisi Mauro Ikardi hamda “Fenerbahche” legioneri Taliska ham 9 tadan gol bilan da’vogarlar safida qolmoqda.

Uchrashuvdan so‘ng bir qator nufuzli portallar hamyurtlarimizning o‘yinini yuqori baholadi. Xususan, “FotMob” Eldor Shomurodovga 8,5, Abbosbek Fayzullayevga 8,3 ball qo‘ygan bo‘lsa, “Sofascore” A.Fayzullayevning harakatlarini 9,3, E.Shomurodovning harakatlarini 7,9 ballga baholadi. “Flashscore” nashri esa Abbosbek Fayzullayevga 8,2, Eldor Shomurodovga 8,0 ball qo‘ydi.

Shuningdek, Eldor Shomurodov va Abbos Fayzullayev Turkiya Superligasi 16-turining ramziy jamoasiga kiritildi.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA