Turkiya chempionatining 13-turidan so‘ng “Istanbul Bashakshehir” hujumchisi Eldor Shomurodov Superliganing to‘purarlari poygasida peshqadamlar safiga ko‘tarildi.
Gap shundaki, “Istanbul Bashakshehir” ushbu turda “Trabzonspor” jamoasi bilan o‘ynadi va 3:4 hisobida imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Mazkur bahsda chempionatda sakkiztadan gol urgan holda, liga to‘purarligi uchun raqobatlashayotgan Eldor Shomurodov va Pol Onuachu (“Trabzonspor”) bittadan gol urdi.
Buning natijasida Pol va Eldor ligada 13 o‘yinda to‘qqiztadan gol urgan holda karvonboshilikni davom ettirmoqda. Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, E.Shomurodov darvozaga kiritgan gollaridan faqat bittasini penaltidan amalga oshirgan bo‘lsa, Onuachu bu ishni uch marta bajargan.
Darvoqe, ularni “Galatasaroy” futbolchisi, argentinalik yulduz Mauro Ikardi va “Fenerbahche” forvardi Yusuf En-Nesiri yettita gol bilan ta’qib qilmoqda.
“Istanbul Bashakshehir” Turkiya Superligasining navbatdagi turida 30 noyabr kuni “Kasimpasha” jamoasi mehmoni bo‘ladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA