Eldor Aripov “Valday” klubining birinchi kungi majlisi yakunlari haqida maʼlumot berdi
Avval xabar berganimizdek, bugun, 10-noyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi birinchi ish kunida Oʻzbekiston – Rossiya maxsus sessiyasi majlisi oʻtkazildi.
Avval xabar berganimizdek, bugun, 10-noyabr kuni “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi birinchi ish kunida Oʻzbekiston – Rossiya maxsus sessiyasi majlisi oʻtkazildi.
Ushbu majlis yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov jurnalistlarga quyidagilarni soʻzlab berdi:
– Tadbirning birinchi ish kunida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan “Valday” xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Ushbu hujjat tashkilotlarimizning manfaatli sheriklikni rivojlantirishdagi saʼy-harakatlari uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Tadbirda, shuningdek, yaqin vaqtlarda hujjatni amaliyotga joriy etish boʻyicha reja ishlab chiqish ishlarini boshlashga kelishib oldik. Uning doirasida “Valday” munozara klubi majlislarida Oʻzbekiston ishtirokini taʼminlash, ustuvor vazifalar yuzasidan muhokamalarni amalga oshirish maqsadida rossiyalik ekspertlarni mamlakatimizga taklif etish, materiallar chop etishdagi almashinuvni yoʻlga qoʻyish mexanizmlari belgilab olinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev MDHga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining Ashxobod sammitida axborot xavfsizligi sohasida konferensiya oʻtkazish taklifini ilgari surgandi. Munozaralar chogʻida 2020-yilda mamlakatimizda oʻtishi kutilayotgan ushbu xalqaro anjumanda rossiyalik hamkasblarimizning ishtirok etishiga kelishib oldik.
Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli yoʻnalishlardagi muloqotni faollashtirish jadallik bilan kechmoqda.
Birgina misol. Joriy yil boshidan buyon ikki davlat delegatsiyalarining 150 dan ortiq tashrifi amalga oshirildi. Soʻnggi uch yilda davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasida sakkiz marta turli darajadagi uchrashuv va muloqotlar boʻlib oʻtdi.
Bunday yuqori oʻsish surʼati savdo-iqtisodiy munosabatlarda ham kuzatilmoqda. Soʻnggi ikki yilda savdo aylanmasi hajmi 1,5 baravarga ortdi. Yil yakuniga qadar esa bu raqamni 6 milliard dollarga yetkazish koʻzda tutilgan.
Oʻzbekiston – Rossiya muhokamalarida ushbu maqsadlarga erishish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashdik, mintaqaviy xavfsizlik, terrorizm va diniy ekstremizm tahdidlariga qarshi kurash boʻyicha hamkorlikka oid masalalarni koʻrib chiqdik.
Uchrashuvlarimiz chogʻida ishlab chiqilgan taklif va rejalar Oʻzbekiston – Rossiya munosabatlarini yanada rivojlantirish maqsadida davlatlarimiz rahbarlariga taqdim etiladi.
Maʼlumot oʻrnida, “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi asosiy tadbirlari 11-noyabr kuni boʻlib oʻtadi.