Poytaxtimizda TDT Samarqand sammiti yakuniga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov Sammitda ko‘plab tashabbuslar ilgari surilgani, ushbu g‘oyalar amalga oshishi, shubhasiz, TDT makonida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
SMTI direktori ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbari savdo-iqtisodiy hamkorlik sohasidagi vaziyatni tubdan o‘zgartirish, savdo, sarmoya va xizmat ko‘rsatishni erkin rag‘batlantirishni ta’minlash uchun tashkilot doirasida yangi iqtisodiy imkoniyatlar makonini yaratish taklifi bilan chiqdi. Shu maqsadda har yili jahon biznes vakillari ishtirokida asosiy iqtisodiy masalalar va investitsiya imkoniyatini muhokama qilishga qaratilgan xalqaro turkiy iqtisodiy forum o‘tkazishni taklif qildi.
- Statistikaga ko‘ra, umumiy savdo hajmi 970 milliard dollardan ortadigan tashkilotimizga a’zo mamlakatlar o‘zaro savdo hajmi bor-yo‘g‘i 21 milliard dollarni, ya’ni umumiy tashqi savdo hajmining bor-yo‘g‘i 4 foizini tashkil qilgan, - deydi mutaxassis. - Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich 63,2, ASEANda 70, NAFTAda 40,9 foiz.
Uning so‘zlariga ko‘ra, keltirilgan raqamlar mamlakatlarimiz oldida turgan iqtisodiy muammolarni hal etishda yangi g‘oya, nostandart yondashuv ishlab chiqish zarurligini ko‘rsatadi.
- Sammitda TDT makonida tranzit-transport yo‘laklarini amalga oshirish, yangi xalqaro tranzit yo‘laklarini shakllantirishga katta e’tibor qaratildi, - deya qo‘shimcha qildi SMTI direktori.
Shu bilan birga hozir Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini Turkiy mamlakatlar transport zanjiridagi asosiy bo‘g‘inlardan biriga aylantirish uchun yaxshi imkoniyat mavjud.
Bunda asosiy e’tibor tranzit yo‘laklari raqobatbardoshliligini oshirish, biznes uchun qulay ta’riflar joriy etish va zamonaviy infratuzilma yaratishga qaratilishi kerak.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni TDT mamlakatlarini O‘zbekiston va Turkiya tomonidan ishga tushirilgan transport sohasidagi ruxsatnomalarni elektron almashish tizimiga qo‘shilishga chaqirdi.
Integratsiyalashgan transport tizimi tufayli kelajakda TDT makonini Yevroosiyodagi muhim transport-logistika yo‘lagiga aylantirish uchun ulkan imkoniyat borligi qayd etildi. Bu shuningdek, birlashma ishtirokchilariga transport-tranzit yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, xalqaro savdo tizimi va global ta’minot zanjirida TDT mamlakatlari qarashini mustahkamlash uchun noyob imkoniyat yaratadi.
Eldor Aripov, shuningdek, ishtirokchilar e’tiborini O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, o‘zaro oziq-ovqat ta’minoti samarali tizimini yaratish, TDT va FAO o‘rtasida sheriklik aloqasini yo‘lga qo‘yish, Turkiy agroforum, "aqlli qishloq xo‘jaligi” xalqaro ko‘rgazmasini muntazam ravishda o‘tkazishga yo‘naltirilgan tashabbuslariga e’tibor qaratdi.
- Oziq-ovqat ta’minoti masalasi bo‘yicha ko‘p tomonlama kelishuv tuzilishi mazkur yo‘nalishdagi ishlarni ichki va tashqi bozor talabi hamda a’zo mamlakatlar ishlab chiqarish imkoniyatidan kelib chiqqan holda tizimlashtirish, oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirish, shuningdek, innovatsiya, zamonaviy bilim va ilg‘or texnologiya joriy etish imkonini beradi, - deya xulosa qiladi SMTI vakili.
G‘.Xonnazarov yozib oldi.
O‘zA
(U.B)