Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eldor Aripov: “Germaniya O‘zbekistonning asosiy va vaqt sinovidan o‘tgan hamkori”
15:33 / 2023-04-28

Ayni payt Toshkent shahrida o‘tayotgan “O‘zbekiston – Germaniya – hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti – SMTI direktori Eldor Aripov nutq so‘zlamoqda.

U gibrid formatda tashkil etilgan ushbu tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga bo‘lajak rasmiy tashrifiga bag‘ishlanganini alohida qayd etdi.

Shuningdek, Eldor Aripov bo‘lajak referendum O‘zbekiston Prezidenti tomonidan boshlangan, aholi tomonidan keng qo‘llab-quvvatlangan demokratik islohotlar jarayoni barqarorligining huquqiy kafolatini mustahkamlashga imkon berishini aytdi.

– Mamlakatimizda tom ma’noda muhim siyosiy voqea – konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha referendum o‘tkazilmoqda, bu esa O‘zbekiston siyosiy tizimini tubdan qayta tiklash jarayonini amalda boshlaydi. Uning mohiyati demokratik huquqiy davlatning siyosiy va huquqiy asosini, ijtimoiy yo‘naltirilgan bozor iqtisodiyoti va kuchli fuqarolik jamiyatini mustahkamlashdan iborat.

Konstitutsiyaning yangi tahriri qabul qilinishi bilan biz barcha masalalarni hal qilmaganimizni anglaymiz. Uning qoidalarini jamoat va davlat qurilishi amaliyotiga joriy etish ya’ni asosiy qonunni kundalik hayotimiz normasiga aylantirish bo‘yicha hali ham mashaqqatli ishlar bor. Bu aslida barcha mavjud resurslarni, siyosiy irodani, salohiyatni va bilimlarni safarbar qilishni talab etadigan uzoq muddatli rivojlanish dasturi. Bu borada sheriklarimizning, ayniqsa, mazkur yo‘nalishda shubhasiz boy va muvaffaqiyatli tajribaga ega davlatlarning qo‘llab-quvvatlashiga ishonamiz.

Konferensiya O‘zbekiston Prezidentining Germaniyaga rasmiy tashrifi arafasida o‘tayotgani yuksak ahamiyatga ega. Shu o‘rinda qayd etish kerak, Germaniya, shubhasiz, O‘zbekistonning asosiy va vaqt sinovidan o‘tgan, ishonchli hamkorlaridan biri.

30 yildan ziyod vaqt davomida O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan Germaniya barqaror rivojlanish va suverenitetni mustahkamlashda bizga samarali yordam ko‘rsatayotganini juda qadrlaymiz. So‘nggi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik yanada izchil tus oldi.

bugungi kunda Germaniya O‘zbekistonning eng yirik beshta savdo va investitsiya hamkorlari qatoriga kiradi. 30 yil ichida birinchi marta O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi bir milliard dollardan oshdi. O‘zbekistonda nemis biznesining mavjudligi o‘sib boryapti, shunga mos ravishda o‘zlashtirilgan nemis investitsiyalari hajmi 700 milliondan 1.5 milliard dollargacha ikki baravar ko‘paygan.

Germaniya barcha hamkorlarimiz orasida O‘zbekiston iqtisodiyotini modernizatsiya qilish uchun zarur bo‘lgan zamonaviy mashina va uskunalarning eng yirik yetkazib beruvchisi hisoblanadi.

Xulosa qilib aytganda, bularning barchasi O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga, uning iqtisodiyotini diversifikatsiyalashga qo‘shgan muhim hissasi.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA