Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Eldan dard ketgusi birlashsa ulus
16:54 / 2020-03-19

Dunyo eshiklari keng ochilgan zamonda yashayapmiz. Dunyoni koʻrayapmiz, yana-da yaxshiroq bilayapmiz. Shu bilan birga, dunyo ham bizni tobora koʻproq taniyapti, eʼtibor berayapti, biz dunyodan, dunyo bizdan oʻrganayapti.

Dunyo eshiklari keng ochilgan zamonda yashayapmiz. Dunyoni koʻrayapmiz, yana-da yaxshiroq bilayapmiz. Shu bilan birga, dunyo ham bizni tobora koʻproq taniyapti, eʼtibor berayapti, biz dunyodan, dunyo bizdan oʻrganayapti.

Ha, dunyo bilan tillashuvning afzalliklari koʻp, muammolari ham yoʻq emas. Necha oylarki, butun dunyo ahli diqqatini oʻziga tortgan, xavotirga solgan koronavirus pandemiyasi, taʼbir joiz boʻlsa, ana shunday bir sinov boʻldi. Bugun bu sinovni biz, oʻzbekistonliklar ham boshdan kechirayapmiz.

Albatta, endilikda bunday sinovlarni ham hayot haqiqati sifatida qabul qilishimiz, shu bilan birga oʻzbek xalqiga xos yuksak iroda va matonat, birlik va ahillik bilan uni yenga bilishimiz lozim.

Xalqimizda “Botqoq yerning kengligi baqaga yaxshi”, degan hikmat bor. Taassufki, shov-shuvga oʻch, ogʻziga kuchi yetmaydigan ayrim ustasi faranglar mavjud holatdan foydalanib qolishga urinib, ijtimoiy tarmoqlar va xorijdagi ayrim OAVda otlariga qamchi urishga chogʻlandilar: falon yerda chirigan sabzavot sotishibdi, anavi katta savdo rastasi boʻm-boʻsh boʻlib qolibdi, unning narxi koʻtarilibdi, kartoshka falon soʻm boʻlib ketibdi…

“Oʻzbekistonda bemorlar soni 6 kishiga yetdi, bozorlarda sarosima boshlandi”, deya yozadi 16-mart kuni bizdan olislardagi “Ozodlik” radiosi veb-sayti. Men esa bozorda shu kuni ular aytgan sarosima boshlanganini koʻrmadim. Ushbu “Ozodlik” saytida izoh qoldirgan bir yurtdoshimiz M.Qambarova ham mening soʻzimni tasdiqlaganday: “Andijon bozorlarida narx-navolar oshmadi. Hududiy savdo yarmarkalari tashkil etildi, vahimaga oʻrin yoʻq”, deb yozadi. Xullas, bunday misollarni koʻp keltirish mumkin.

Mamlakatimizda ushbu sinovdan tinch-xotirjam oʻtish uchun barcha chora-tadbirlar koʻrilayapti. Bozorlarimiz va savdo rastalarimiz moʻl-koʻl. Har bir soha mutasaddilari vaqti-vaqti bilan xalqimizga maʼlumot berib turibdi.

Taʼkidlash joizki, aksariyat jurnalist va blogerlar bu jarayonda faollik koʻrsatib, mamlakatdagi haqiqiy holat haqida xalqimiz va xorijiy auditoriyaga haqqoniy maʼlumotlar tarqatmoqda. Xususan, huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyevning chiqishlari nafaqat voqelikni xolis va haqqoniy aks ettirish, balki xalqimizga oʻziga xos tushuntirish berishga xizmat qilmoqda.

“Oltin qalam” milliy mukofoti sohibasi, jurnalist Barno Sultonova esa talabalarni tekinga olib ketgan vodiylik haydovchini misol keltirib, oʻz kanalida barchani hamjihat boʻlishga chaqiradi. “Keling, birlashaylik. Bir kishi niqob taqmay yoki tartib-qoidaga befarqlik qilib kasal boʻlsa, qancha odamga yuqtiradi va niqob taqsa, oldini olsa, qancha odamni saqlab qoladi. Saqlab qoluvchi ham, tarqatuvchi ham SIZ yoki MEN boʻlishimiz mumkin”, deb yozadi u.

Darhaqiqat, bunday paytlarda voqealar jarchisi boʻlgan biz jurnalistlar, ayniqsa, har qachongidan hushyor boʻlishimiz, xolislik va haqqoniylik tamoyillariga qatʼiy amal qilishimiz, ijtimoiy tarmoqlarda bilib-bilmay, yo boʻlmasa ataylab tarqatilayotgan asossiz gaplarga tezkorlik bilan munosabat bildirishimiz, asl manzarani koʻrsatib berishimiz nihoyatda muhimdir.

Jurnalist axloq-odobi, maʼnaviyati nafaqat uning oʻzi, balki butun milliy jurnalistikamiz shaʼni, oriyatini ifoda etadi. Chunki, xalqimiz nazdida jurnalist – jamiyat vijdoni, ilgʻor kuchi va ziyoli inson boʻlib, bu ishonchni soʻndirmaslik, unga loyiq boʻlish har birimizning vazifamiz. Ayni shu maqsadda oʻtgan yili “Oʻzbekiston Jurnalistlarining kasb etikasi kodeksi” qabul qilindi. Unga binoan, oʻzi tarqatayotgan axborotning ishonchliligini tekshirish va xolis axborot taqdim etish jurnalistning majburiyatidir. Jurnalist haqqoniyligiga ishonch hosil qilgan axborotnigina tarqatadi va sharhlaydi. Bunda u kamida ikkita mustaqil manba orqali axborotni tekshirib koʻrishi lozim. Umid qilamizki, kodeks har birimizning faoliyatimizda asosiy axloqiy mezon boʻlib qoladi.

Bugunning shiori yagona: oʻzingni va oʻz elingni asra!

Mardga mard doʻst qoʻlin choʻzgani durust,

Eldan dard ketgusi birlashsa ulus.

Aslo tark etmasin yurtni omonlik,

Mehru oqibatga tushmasin “virus”.


Saʼdulla HAKIMOV,
Oʻzbekiston Jurnalistlari
ijodiy uyushmasi raisi.