Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi Bosh kotibi Jasim Muhammad Al-Budaiviy Ar-Riyod shahrida O‘zbekistonning Saudiya Arabistoni Podshohligidagi Favqulodda va muxtor elchisi Nodirjon Turg‘unovni qabul qildi.
SPA xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida Kengash va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar, umuman Markaziy Osiyo bilan munosabat va hamkorlik ko‘lamini kengaytirish yo‘llari ko‘rib chiqilgan. Mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi so‘nggi voqealar, tomonlarni qiziqtirgan siyosiy masalalar yuzasidan fikr almashilgan.
Muloqot chog‘ida bo‘lajak tadbirlar, jumladan 2025 yil Samarqandda o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi” muloqotining ikkinchi oliy darajadagi sammitiga puxta tayyorgarlik ko‘rish va sheriklikni yanada chuqurlashtirish masalalari muhokama qilingan.
Jasim Muhammad Al-Budaiviy O‘zbekiston rahbariyatining pragmatik tashqi siyosati natijasida yaxshi qo‘shnichilik mustahkamlanib, mintaqa bilan savdo aylanmasi o‘sib borayotganini e’tirof etdi.
Uchrashuv yakunida Bosh kotib elchimizga o‘z vazifasini bajarishida muvaffaqiyat tiladi, oliy darajadagi Samarqand sammitga tayyorgarlik jarayonini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi sa’y-harakatni jadallashtirish uchun muloqotni davom ettirishga kelishib olindi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA