Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Elchilar Orolbo‘yining investitsiya salohiyati bilan tanishdi
11:16 / 2021-12-14

O‘zbekiston Respublikasining 32 ta xorijiy davlatdagi Favqulodda va muxtor elchilaridan iborat delegatsiya Qoraqalpog‘iston Respublikasiga keldi.

Dastlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida qabul o‘tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov elchilarni Orolbo‘yiga tashrifi bilan qutlab, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarga to‘xtaldi. Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida Orolbo‘yini ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, aholining obod turmushi bilan bog‘liq ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi. Bunda davlatimiz rahbarining 2020 yil 11 noyabrdagi “2020-2023 yillarda Qoraqalpog‘iston Respublikasini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish, muammolarni tezkor hal etish uchun ularga vazirlar va banklar biriktirildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchilarining yordami beqiyos.

Hamkorlikda amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning o‘tgan 10 oyi mobaynida Qoraqalpog‘iston Respublikasida tashqi savdo aylanmasi 519,4 million AQSH dollarini tashkil etib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 121 foiz o‘sishga erishildi. Shu jumladan, eksport hajmi 329 million AQSH dollarini tashkil etdi. bugungi kunda 200 dan ziyod eksportyor korxona jahonning 34 mamlakatiga eksportni amalga oshirmoqda. So‘nggi yillarda AQSH, Myanma, Kanada, Marokko singari davlatlarga eksport doirasi kengaymoqda. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi elchixonalarining amaliy ko‘magida joriy yilda eksportyor korxonalarning soni 20 taga ko‘paydi.

[gallery-5069]

O‘tgan yilning dekabr oyida xorijiy davlatlardagi Favqulodda va muxtor elchilar, diplomatik vakolatxonalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat delegatsiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifidan so‘ng umumiy qiymati 1 milliard AQSH dollaridan ziyod 273 investitsiya va grant loyihasi, shuningdek eksport shartnomalari imzolandi. Ushbu shartnomalar asosida bugungi kunda Orolbo‘yida ishlab chiqarish, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa sohalarda hamkorlikdagi loyihalar amalga oshirilmoqda. Elchilarning navbatdagi tashrifi xorijiy investorlarni jalb qilish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni joriy etish, hududning eksport va turizm salohiyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasida hududda amalga oshirilishi rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi Favqulodda va muxtor elchilaridan iborat delegatsiyaning tashrifi davom etmoqda.

 

Dovud Abibullayev, 
Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA