Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi majlisida elchilar bilan muloqot tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni Podshohligi va Pokiston Islom Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari rahbarlarining ushbu davlatlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari” ijrosi holati to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi.
Asosiy e’tibor hamkor davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini kengaytirish, respublika eksport salohiyatini yuksaltirish, “yo‘l xaritalari”ga kiritilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha ishlar tahliliga qaratildi.
Bunda, har bir davlat bo‘yicha loyiha holati tanqidiy ko‘rib chiqildi va mavjud to‘siq yoki muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, tarmoq va hududlar vakillarining tushuntirishlari hamda takliflari muhokama markazida bo‘ldi.
Ma’lumki, eshituvga tayyorgarlik jarayonida Senat ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganish jarayonida erishilgan ijobiy natijalar bilan birgalikda ayrim muammo va kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, qator investitsiya loyihalari ijrosida hanuzgacha yer maydon ajratishning hal etilmagani, xorijiy hamkor bilan kelishuvlardagi nomutanosibliklar tufayli kechikish va hatto to‘xtab qolish holatlari kuzatilgan.
Mazkur muammolarga tegishli loyihalar kesimida Investitsiya, sanoat va savdo vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, “O‘zkimyosanoat” AJ, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi, Farg‘ona va Namangan hamda Toshkent viloyatlari rahbariyatlarining e’tibori qaratildi. Ularga tezkor ravishda mazkur elchixonalar bilan birgalikda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yoki muqobil loyiha takliflarini ishlab chiqish tavsiya qilindi.
Majlisda oliy darajadagi tashriflar yakuni bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishi yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
N.Abduraimova, O‘zA