Namangan viloyatiga xizmat safari bilan kelgan Qirg‘iz Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Duyshonkul Chotonov Yangiqo‘rg‘on tumani Nov mahallasida joylashgan 56-sonli umumta’lim maktabida bo‘ldi.
Bag‘rikeng yurtimizda bugungi kunda 130 dan ziyod turli millat va elat vakillari “O‘zbekiston – umumiy uyimiz!” ezgu g‘oyasi asosida birlashib, o‘zaro ahillik va hamjihatlikda farovon umr kechirmoqda. Vodiy viloyatlarida ular qatorida qirg‘iz millatiga mansub hamyurtlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi. Xususan, chegara hududda joylashgan Novda ayni vaqtda 2 ming 700 aholi istiqomat qilib, ularning 80 foizini qirg‘izlar tashkil etadi.

Ta’lim qirg‘iz tilida olib boriladigan mazkur ilm maskanida hozirgi kunda 86 nafar o‘quvchi bilim olmoqda. Qo‘shni davlat diplomati maktabda o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, ular bilan samimiy suhbatlashdi.

– Biz azaldan qardosh xalqmiz. Ikki elning uzilib qolgan rishtalarini qayta tiklagan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Namanganda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha xalqaro forumdagi nutqdan ta’sirlandim, – deydi qirg‘iz elchisi Duyshonkul Chotonov. – Ayniqsa, mamlakatingizda bakalavriat bosqichida ta’lim olayotgan qiz-ayollar uchun qulay muddatlarga foizsiz kredit berilishi hamda ayollarning magistraturada mutlaqo bepul tahsil olishlari quvonarlidir.
Yigit kishining ilmli bo‘lishi o‘zi uchun, ayol kishining ilmli bo‘lishi esa nafaqat uning farzandlari, oilasi, balki millatning ilmli bo‘lishi demakdir.

Darvoqe, qirg‘iz tiliga ixtisoslashgan 56-maktabni o‘tgan o‘quv yilida tugatgan to‘rt nafar bitiruvchining barchasi tahsilni oliy o‘quv yurtlarida davom ettirmoqda. 2026 yilda investitsiya dasturi doirasida maktab uchun yangi, 120 o‘rinli bino va sportzal qurilishi rejalashtirilgan.


Elchi Duyshonkul Chotonov qirg‘iz o‘quvchilari uchun berilayotgan e’tibordan mamnun ekanligi, agarda o‘quvchilarda xohish bo‘lsa, maktabdan so‘ng ta’limni Qirg‘iz Respublikasidagi oliygohlarda davom ettirishlari uchun ko‘mak berishini ta’kidladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/peBDvnGbcSE" title="Elchi yangiqo`rg`onlik o`quvchilar bilan uchrashdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Oqilxon Dadaboyev, Kamola Jo‘raboyeva (video), O‘zA.